Barchangiz Menga muhtojsiz!
Abu Zarr Gʻiforiy roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: Rasululloh sollallohu alayhi va sallam aziz va jalil Parvardigordan naql etgan hadislarida Alloh taolo bunday marhamat qiladi:
“Ey bandalarim! Men zulmni Oʻzimga harom qildim. Uni sizlarning oralaringizda ham harom qildim. Shunday ekan, bir-birlaringizga zulm qilmang.
Ey bandalarim! Men hidoyat berganlarimdan tashqari hammangiz gumrohsiz. Shunday ekan, Mendan hidoyat soʻrang, sizlarni toʻgʻri yoʻlga solayin.
Ey bandalarim! Men rizqlantirgan odamlardan boshqa barchangiz ochsiz. Shunday ekan, Mendan rizq soʻrang, sizlarni toʻydirayin.
Ey bandalarim! Men kiydirib qoʻygan insonlardan boshqangiz yalangʻochsiz. Shunday ekan, Mendan kiyim-bosh soʻrang, sizlarni kiyintirib qoʻyay.
Ey bandalarim! Sizlar kecha-yu kunduz xato (gunoh) qilasiz. Men esa butun gunohlarni kechguvchiman. Shunday ekan, magʻfirat soʻrang, sizlarni kechirayin.
Ey bandalarim! Menga zarar etkaza oladigan darajaga etolmaysizki, zarar etkazsangiz. Menga foyda keltira oladigan mavqega erisholmaysizki, foydangiz tegsa.
Ey bandalarim! Sizlardan avvalgilar va keyingilar, insonlar va jinlar orangizdagi eng taqvodor odamdek boʻlsangiz ham, mulkim koʻpayib qolmaydi.
Ey bandalarim! Sizlardan avvalgilar va keyingilar, insonlar va jinlar orangizdagi eng fojir odamdek boʻlsangiz ham, mulkim kamayib qolmaydi.
Ey bandalarim! Sizlardan avvalgilar va keyingilar, insonlar va jinlar hammangiz bir maydonga toʻplanib, Mendan biror narsa soʻrasangiz ham, har biringizning soʻraganini beraman. Bu bilan xuddi igna dengizga botirib olinganda uning suvi qanchalik kamaysa mulkimdan ham oʻshancha kamayadi (yaʻʻni, hech narsa kamayib qolmaydi).
Ey bandalarim! Amallaringga kelsak, ularni sizlar uchun hisoblab qoʻyaman. Soʻng ularning evazini (mukofoti yoki jazosini) toʻliq qilib beraman. Shunday ekan, kim yaxshilikka uchrasa, Alloh taologa hamd aytsin. Kim undan boshqa narsaga yoʻliqsa, oʻzidan boshqani ayblamasin!” (Imom Muslim va Imom Termiziy)
Sharh: Ushbu hadis dinimizning asosiy qoidalarini, muxtasar maʻʻnosini oʻz ichiga olgani bilan alohida ahamiyatga ega. Shu sababli uning sharhiga bagʻishlangan alohida kitoblar ham yozilgan.
Hadisda Alloh taoloning zulmni oʻziga harom qilgani aytilmoqda. Olimlar Allohning zulmga yoʻl qoʻyadi, deyish aqlsizlik ekanini aytadilar. Zero, butun koinot Alloh taologa tegishli. U oʻz mulkini istaganicha tasarruf qiladi. Uning biror sherigi ham, nuqsoni ham yoʻqki, sherigining mulkidan olib, oʻzinikini toʻkis qilib olsa.
Alloh taolo zulmni oʻziga harom qilganidek, bandalarini undan saqlanishga buyurdi. Uning eng yomon koʻrgan narsasi zulmdir. Shuningdek, bu taʻʻqiq umumiy maʻʻno kasb etadi. Yaʻʻni, moʻminga zulm qilish bilan boshqalarga jabr qilish bir xil – bari man qilingan.
Hadisdagi “hammangiz gumrohsiz” iborasi “hamma bolalar islom fitratida tugʻiladi” degan hadisga zid kelmaydi. Balki bu oʻrinda tabiatidagi shahvat, rohatga mukkasidan ketish kabi zaif jihatlari bilan inson oʻz holiga qoʻyilsa, adashib ketardi, degan maʻʻno koʻzda tutilgan.
Islom aqidasidan maʻʻlumki, Alloh taolo barcha jonzotnining rizqini belgilab qoʻygan. U Ar-Razzoq sifati bilan dengiz ostidagi xilqatga ham, toshning orasidagi jonivorga ham rizqini etkazib turadi. Uning iznisiz hech kim bir luqma ham oziqlana olmaydi. Bularni bilgan odam halol mehnat qiladi va Parvardigordan pokiza rizq soʻraydi.
Rizq deganda faqat eyish-ichishga yaraydigan narsalar koʻzda tutilmaydi. Balki kiyim-kechak, uy-joy va insonning yashashi uchun lozim boʻlgan barcha vositalar ham rizqdir.
Allohning bandalariga mehribonligi, ularning gunohlarini kechiruvchi va rahm qiluvchi (Al-Gʻafur), ayblarini berkituvchi (Sattorul uyub) sifatlaridan ham maʻʻlumdir. Quʻʻoni karimning bir necha oʻrinlarida Alloh oʻzining rahmati gʻazabidan ustun ekanini bayon qilishi bunga dalil. Bandalarga qolgani esa, gunohlardan pushaymon boʻlish va qayta takrorlamaslik sharti bilan Allohga yolvorib tavba qilishdir.
Insoniyat fan-texnika sohasida har qancha yuksalgani bilan Yaratgan oldida ojiz va noshud bandaligicha qoladi. Nafaqat odamzot, balki jinlar va boshqa barcha jonzotlar birlikda harakat qilishsa ham, Uning cheksiz qudrati oldida hech ahamiyatlari yoʻq. Bularni anglash va Alloh taolo oldida oʻzini xor tutish bandani ilohiy rizolik va maʻʻnaviy yuksalish sari etaklaydi.
Alloh taolo insonlar va jinlarni Oʻziga ibodat qilishlari uchun yaratgan. Farishtalar doimo Uning amrida, qusursiz ibodatda bardavomdirlar. Biroq inson va jinlarning hammasi ham bu ilohiy amrga boʻysunavermaydi. Basharti ularning barchasi birdek eng taqvodor banda kabi itoat va ibodatga berilsa ham, Alloh taoloning mulkiga biror narsa qoʻshilib qolmaydi. Shuningdek, ularning hech biri Parvardigorga ibodat qilmay qoʻysa ham, Uning ulugʻligi va qudratiga putur etmaydi, davlati kamayib qolmaydi.
Igna botirib olinganda dengizning suvi qanchalik kamaysa, hamma bandalarining tilaklarini bergan taqdirda ham mulkidan bir narsa kamayib qolmasligi Allohning mulki cheksiz ekanini bildiradi. Maʻʻlumki, dengiz tabiatdagi eng katta, igna esa eng kichik narsalar. Aslida, ignani botirgan bilan dengizda hech qanday kamayish yuz bermaydi. Bu tashbeh Alloh taoloning boyligi cheksizligini ifodalashda juda mos tushadi.
Hadis soʻngida kishi boshiga kelgan har bir yaxshilikni Allohdan deb bilishi, yomonlikni esa oʻzidan koʻrib, tavba qilishi kerakligi uqtirilgan. Bu oʻlchovni yaxshi anglab, hayotiga tatbiq etmagan kimsalar dinda jiddiy xatolikka yoʻl qoʻyishlari mumkin. Yaxshilikni oʻzidan deb bilgan kibr va manmanlikka beriladi. Yomonlikni oʻzidan koʻrmagan kimsa oʻnglanish oʻrniga, atrofidagilarni tanqid qilish, oʻzi yashab turgan jamiyat qonun-qoidasidan norozilik kabi illatlar chohiga tushib qoladi. Bu ikki holdan Alloh taoloning oʻzi asrasin!
Manbalar asosida
Sodiq Nosir tayyorladi.