Ingushetiyaning Qorabuloq shahrida Rossiya maxsus kuchlari tomonidan aksilterror operatsiyasi oʻtkazildi. Shanba oqshomida ushbu shaharda qurollangan guruh yashiringan koʻp qavatli uylardan birida otishma sodir boʻldi. Maxsus operatsiya yakunlangani maʻʻlum qilindi.

Ingushetiyaning Qorabuloq shahrida Rossiya maxsus kuchlari tomonidan aksilterror operatsiyasi oʻtkazildi, deya xabar qildi TASS.

“Maxsus operatsiya yakunlandi. Aksilterror operatsiya rejimi amalda qoladi”, — dedi agentlik suhbatdoshi.

Avvalroq shanba oqshomida qurollangan guruh Qorabuloq shahridagi koʻp qavatli uylardan birida yashiringani, ularga qarshi Rossiya maxsus kuchlari tomonidan aksilterror operatsiyasi oʻtkazilayotgani xabar qilingan edi.

Qayd etilishicha, guruh aʻʻzolaridan biri 2023 yil bahorida politsiyachilarga hujum qilgani uchun qidiruvda boʻlgan. Maxsus kuchlar guruhni qoʻlga olmoqchi boʻlganida otishma boshlangan, otishma paytida kvartira balkonida yongʻin chiqqan. Guruhning otishmada granatalardan ham foydalangani maʻʻlum qilindi.

Ingushetiya rahbari Mahmud-Ali Kalimatov Qorabuloqdagi vaziyat nazorat ostida ekanligiga ishontirib, aholini vahimaga tushmaslikka chaqirdi. Uning soʻzlariga koʻra, tinch aholi orasida qurbonlar yoʻq, voqea joyida tez yordam brigadasi ish olib borgan. Ingushetiya Sogʻliqni saqlash vazirligi baʻʻzi ommaviy axborot vositalari tomonidan tarqatilgan otishma qurbonlari haqidagi maʻʻlumotni rad etdi.

Xavfsizlik maqsadida qoʻshni uylar aholisi evakuatsiya qilingan. Aholi mahalliy maktab binosiga joylashtirilgan.

Mavzuga aloqador