Din engillikdir
Abu Hurayradan roziyallohu anhu rivoyat qilinadi: Rasululloh sollallohu alayhi va sallam dedilar: “Din engillikdir. Kim dinda qattiq turishga intilsa, din uni engib qoʻyadi. Shuning uchun siz toʻgʻri amal qiling, yaqinlashtiring, xursand boʻling, ertalab, kunning oxiri va tundagi tetik vaqtlaringizdan foydalaning” (Imom Buxoriy rivoyati).
Imom Suyutiy aytadi: “Paygʻambarimiz sollallohu alayhi va sallam Islomni oldingi dinlarga nisbatan engillik, deb atadilar. Chunki Allloh taolo bu dindan oldingi dinlardagi qiyinchiliklarni olib tashlagan. Bunga yorqin misol: oldingi dindagilarning tavbasi oʻzini qatl etish bilan boʻlgani, bu ummatning tavbasi esa, gunohni tark qilish, unga boshqa qaytmaslikka qasd qilish va pushaymon boʻlishdir”.
“Kim dinda qattiq turishga intilsa”, deganlaridan maqsad hech kim dinga tashaddud (qattiqlik) bilan yuzlanmasin. Din bilan muomalasi bir-birini yiqitishga harakat qilayotgan ikki kishining muomalasi kabi boʻlmasin, degani. Yaʻʻni, unda haddan oshmasin, oʻrtachalikdan chiqib ketmasin. Ibn Tiyn: “Bundan murod ibodatlarda mukammallikni istashni man etish emas, balki malollanishga olib boruvchi haddan oshishdan qaytarishdir”, degan.
“Toʻgʻri amal qiling”, deganlaridan “haddan oshish bilan sustkashlikning oʻrtasidagi oʻrtachalikda davomli boʻling” maʻʻnosi nazarda tutilgan.
“Yaqinlashtiring”, yaʻʻni agar amallarni mukammal bajara olmasangiz, shunga yaqinlashtirishga intiling.
Kam boʻlsa ham, doimiy solih amal qilganlarga “xursand boʻling”, deya xushxabar berilmoqda.
“Kunning oxiri va tundagi tetik vaqtlaringizdan foydalaning”, deb Paygʻambarimiz sollallohu alayhi va sallam Allohga tomon safarni odatdagi safarga oʻxshatganlar. Maʻʻlumki, musofir dam olmasdan yoʻl bosaversa, manziliga etolmaydi. Agar dam olib-dam olib, tetik vaqtlarida yurib qolsa, manziliga oson etadi. Zero, Alloh taolo oʻz Kitobida: “Alloh sizlarga engillikni istaydi, ogʻirlikni xohlamaydi” (Baqara, 185), deya marhamat qilgan.
Jamshid Shodiev tayyorladi.