Nega Ramazondagi xulqimiz boshqa oylarga ham oʻtmaydi?...

Ammo men tushunmaydigan narsa shuki, nega endi Ramazondagi xulqimiz boshqa oylarga oʻtmaydi?! Nega endi yil boʻyi Ramazondagi kabi ibodatga berilmaymiz?! Nega endi bomdodlarda toʻlib turgan masjid Ramazon chiqishi bilan yarmidan ham kamayib ketadi?! Nega endi Qurʻʻonni umr kitobi emas, Ramazon kitobi deb qaraymiz?! Nega endi boshqa oylarda sadaqa berish uchun faqir qidirmaymiz?! Faqirlar boshqa oylarda ovqat eyishmaydimi?!

Nabiy sallollohu alayhi va saloam vafot etganlarida Madinani mahzunlik qopladi. Hamma goʻyo boshqa odamga aylanib qolgan edi. Bu oʻzgarishga ummatning "siddiq"i Abu Bakr roziyallohu anhu nuqta qoʻydi:

Kim Muhammadga ibodat qilgan boʻlsa Muhammad oʻldi. Kim Allohga ibodat qilsa Alloh tirik, oʻlmaydi!".

Shu gapga tayanib shuni aytaman:

"Kim Ramazonga ibodat qilgan boʻlsa, Ramazon oʻtib ketdi. Kim Allohga ibodat qilayotgan boʻlsa, Alloh hamma oyning Robbisidir!".

Kishilarni esankiratishni, ularning qanotini qirqishni yoqtirmayman. Men uchun yarim stakanning boʻsh qismi haqida tafakkur qilishdan koʻra, qolgan yarmi haqida tafakkur qilish muhimroq. Qorongʻuni laʻʻnatlab oʻtirishdan koʻra, sham yoqib oʻtirishni afzal bilaman.

Robbimiz bizga tanlab bergan oyga ummatning ixlos va muhabbat qilishi meni sevintiradi, qalbimga taskin beradi.

Ramazon oyida bomdodda safimizning koʻpligi va zichligi koʻzlarni quvontiradi. Bu ummatning bemor boʻlsa-da oʻlmasligini oʻylab, qalb xotirjam boʻladi. Bir yil davomida oʻlgan qalblarni qayta tiriltirish uchun Alloh Ramazonni joʻnatishi qalbni sururga toʻldiradi. Ramazondagi masjidlarning shukuhi oʻzgacha. Kishilar xatmlar va qorilar haqida hayajon bilan suhbatlashishadi. Farzandlarimizning bu oyda qurʻʻonga yuz burishi, qori boʻlishni niyat qilishi kelajagimizdan bizni xotirjam qiladi. Inshaalloh buning hosilini koʻramiz.

Qarindoshlar va qoʻshnilar orasida kosa va tovoqlar aylanadi. Muhabbat va ulfatchilik ziyoda boʻladi. Sadaqa berishlar koʻpayadi....

Ammo men tushunmaydigan narsa shuki, nega endi Ramazondagi xulqimiz boshqa oylarga oʻtmaydi?! Nega endi yil boʻyi Ramazondagi kabi ibodatga berilmaymiz?!

Nega endi bomdodlarda toʻlib turgan masjid Ramazon chiqishi bilan yarmidan ham kamayib ketadi?!

Nega endi Qurʻʻonni umr kitobi emas, Ramazon kitobi deb qaraymiz?!

Nega endi boshqa oylarda sadaqa berish uchun faqir qidirmaymiz?! Faqirlar boshqa oylarda ovqat eyishmaydimi?!

Nega endi qarindosh va qoʻshnilarimizga Shavvol yoki Zulhijjada ovqat ulashmaymiz?!

Nega endi bolalarimizni boshqa oylarda ilm oʻqishga, Qurʻʻon yodlashga shijoatlantirmaymiz?!

Ramazonni ulugʻlash, namoz, roʻza va sadaqotlar bilan uning haqqini ado qilish buyuk ish. Bu oyga muhabbat qiladigan, ixlos qiladigan, uni qattiq ushlaydigan  ummat buyuklikka nomzod va insoniyatni boshqarishga munosib, madaniyat va insoniylik bayrogʻini koʻtarishga loyiq ummatdir.

Bu ummat Ramazonni boshqa oylarga ham olib oʻtmas ekan, oʻz oʻrnini qaytarib ololmaydi.

Faqat Ramazonni emas, Robbimizning boshqa oylarini ham sevaylik. Boshqa oylarda ham bizga Ramazonniki kabi quvvat, ixlos va muhabbat bersin Allohim!

Abduqodir Polvonov

Mavzuga aloqador