Paygʻambar (alayhissalom) marhamat qiladilar: “Men goʻzal axloqni takomillashtirish uchun yuborildim” (Imom Molik rivoyati); “Qiyomat kuni moʻminning tarozisida goʻzal axloqdan ham ogʻir narsa boʻlmaydi. Alloh taolo yomon harakatlar qiladigan, xunuk soʻzlar aytadigan odamdan nafratlanadi” (Imom Termiziy rivoyati).
Demak, din va ibodatning, yaʻʻni, Allohga bandalikning asosi goʻzal axloq va odobdir. Shayton ilmi yoki amalidagi qusuri sababli emas, odobsizligi sabab laʻʻnatga uchradi. Hazrat Odam (alayhissalom) odobi bilan najotga erishdi. Mavlono Rumiy aytadi: «Iblis Allohning amriga boʻysunmadi, hazrat Odamga sajda qilmadi. “Mening aslim olov, uniki tuproq. Oʻzimdan past boʻlganga sajda qilmayman!” Shu tarzda Allohga nisbatan odobsizlik qilib, dargohi ilohiydan quvildi. Bu ham etmagandek, oʻzini yaratgan Zot bilan bahs boylashdi. Kishining boshiga nimaiki kelsa, odobsizligidan keladi. Odob sababli koʻklar nurga gʻarq boʻldi. Malaklar ham odobi tufayli sof va maʻʻsumdir».
Abu Ali Daqqoq bunday deydi: “Kim sulton oldida axloqsizlik qilsa poygakka, poygakda odobsizlik qilsa oxurga yuboriladi”.
Odob rizolikdir
Alloh taoloning taqdiriga rozilik chin odobdir. Chunki Haq taolo bandalarining xohishlarini bajarishga majbur emas. Aksincha, bandalar U Zotning buyruqlarini ado etishga masʻʻul.
Alloh taolo ulugʻ lutf egasi. Bizlarga rizq berishi, salomatlik, xotirjamlik ato etishi, panohida saqlashi U Zotning fazlu karamidan. Bu haqiqatni Mavlono Rumiy bunday izohlaydi: «Hazrat Ali baland tomda turgandi. Bir johil kelib: “Alloh seni muhofaza qiladimi?” deb soʻradi. Hazrat Ali: “Albatta”, dedi. “Unday boʻlsa, – dedi haligi kishi, – Alloh meni saqlaydi deb, oʻzingni tomdan tashla. Ishonching mustahkam ekaniga ishonay”. Hazrat Ali aytdi: “Gustohliging sababli boshingga bir balo kelmasidan jim boʻl. Oʻzini halokatga tashlash bilan adabsizlarcha Allohni sinashga urinish bandaga yarashadimi? Bunday sinov Alloh taologa xos, U Zot har on bandalarini imtihon qiladi. Sen oʻzingni imtihon et, shunda boshqalarni sinashdan voz kechasan».
Odob haddini bilmoqdir
Iso (alayhissalom)ga bir kishi hamroh boʻldi. Ketayotib, yoʻl chetidagi suyaklarga koʻzi tushgan odam yolvordi:
– Ey Iso, menga ham “Ismi Aʻʻzam”ni oʻrgating, suyaklarga jon baxsh etay!
– “Ismi Aʻʻzam”ni oʻqib, oʻlikni tiriltirish uchun odam pok qalb va til egasi boʻlishi zarur, – javob berdilar Iso (alayhissalom). – Chunki pok odamning duosi qabul boʻladi. Faraz qilaylik, qoʻlingda mening asoyim bor. Lekin mendagi quvvat boʻlmagach, asoni qanday qilib ajdarhoga aylantirasan va boshqara olasan?
Johil kishi shuncha gapdan keyin ham qaysarlik qildi:
– Menda bunday iqtidor boʻlmasa, unda oʻzingiz suyaklarga duo oʻqing!
Bunday ahmoqlikka javoban hazrat Iso (alayhissalom) ikki ogʻiz gap aytdi: “Bir johil oʻzining qalbi oʻlik boʻlaturib, boshqasining jasadini tiriltirish payida. Bu qanday gʻaflat?!”
Rivoyatdan tushunamizki, bandaning vazifasi, eng oldin, Rabbiga qullik qilish. Bundan gʻofil holda boshqa ishlar bilan mashgʻullik haddan oshish va odobsizlikdir.
Quyidagi qissadan ham Alloh va banda orasidagi munosabat qanday boʻlishi kerakligini bilib olamiz: «Bir kishi solih qul sotib oldi. Uyga kelgach oralarida bunday suhbat boʻldi:
– Qanday taomlar eyishni xohlaysan?
– Nima bersangiz, oʻshani eyman.
– Qanday liboslar kiyishni istaysan?
– Nimabersangiz, oʻshani kiyaman.
– Uyimdagi qaysi ishlarni qilishni xohlaysan?
– Nima buyursangiz, oʻshani bajaraman.
– Qaysi xonada yotishni istaysan?
– Qaerni lozim koʻrsangiz, oʻsha joyda yotaman.
Bu javoblarni eshitgan odam bir muddat oʻylanib qoldi. Keyin koʻzlarida yosh bilan aytdi:
– Men ham Rabbimga shunday taslim boʻlsaydim, dunyodagi eng saodatmand odam boʻlardim!
Soʻngra dedi: “Alloh uchun seni ozod qildim. Ammo, oʻzimga qolsa, ketmasligingni xohlardim. Toki jonim va molim bilan xizmatingda boʻlay...”
Demak, taqdirga rozi boʻlish, ozor va mashaqqatlarga sabr qilish chin bandalik odobidandir. Ozor esa, baʻʻzan oʻzing qatori bandalardan etadi. Bunday holatda ham moʻmin Islom axloqini namoyon etadi. Yaʻʻni Qurʻʻoni karimda Rahmonning suyukli bandalari vasfida kelganidek, erda kamtarona yuradi, johil kimsalar (bemaʻʻni) soʻz qotganda “Salomatlik boʻlsin!” deb javob qiladi (Furqon, 63).
Mavlono Rumiy aytadi: «Ey musulmon, “Odob nima?” desang, bilki, odob odobsizlarning qoʻpolligi, yoqimsiz soʻz va harakatlariga sabr etmoqdir».
Bu – odobning botini. Unga rioya qilish juda muhim. Zero, valiylarning bunday soʻzlari bor: “Zohiriy va botiniy odobni mahkam tut. Chunki odam zohiriy odobga rioya qilmasa, zohiran jazo koʻradi, botiniy odobda qusurga yoʻl qoʻysa, botinan jazolanadi. Kim odobni zoe qilsa, oʻzini Allohga yaqin bilsa ham, uzoqdir. Oʻzini maqbul bilgani holda marduddir, rad etilgandir” (“Ruhul bayon”).
Zumrad FOZILJON qizi
tayyorladi.

Mavzuga aloqador