Shavkat Mirziyoev III Toshkent xalqaro investitsiya forumidagi nutqida investorlar huquqlarini himoya qilishni kuchaytirishga qaratilgan qator takliflarni taqdim etdi. Jumladan, Jahon savdo tashkiloti tartib-qoidalari va standartlariga mos keluvchi «Investitsiyalar toʻgʻrisida»gi qonun qabul qilinadi, mamlakatda Xalqaro tijorat sudi ish boshlaydi va xorijiy sarmoyadorlarga erlarni ijaraga berish muddati ikki barobar uzaytiriladi.

Shavkat Mirziyoev III Toshkent xalqaro investitsiya forumida nutq soʻzladi. U ishtirokchilarni qutlab, investorlarga murojaat qildi va ularni Oʻzbekiston bilan hamkorlik qilishga chaqirdi.

«Bizning asosiy maqsadimiz — Oʻzbekistonni xorijiy investorlar uchun ishonchli va uzoq muddatli hamkorga aylantirishdir, — dedi davlat rahbari. — Davlatimiz bozor munosabatlarini rivojlantirishni, investorlar huquqlari ishonchli himoya qilinishini, qulay investitsiya va ishbilarmonlik muhitini yanada takomillashtirishni, halol raqobat uchun yanada keng shart-sharoitlar yaratishni, xususiy mulk daxlsizligi va sud tizimining mustaqilligi taʻʻminlanishini oʻz zimmasiga olmoqda».

Oʻzbekiston prezidenti investorlar huquqlarini himoya qilishni kuchaytirishga qaratilgan qator takliflarni taqdim etdi.

«Investitsiyalar toʻgʻrisida»gi qonunni qabul qilamiz. Ushbu hujjat Jahon savdo tashkiloti tartib-qoidalari va standartlariga muvofiq ishlab chiqildi», — degan Shavkat Mirziyoev Evropa tiklanish va taraqqiyot banki, Jahon banki, Xalqaro valyuta jamgʻarmasi, Iqtisodiy hamkorlik va taraqqiyot tashkilotiga bu boradagi yaqin hamkorligi uchun minnatdorlik bildirdi.

Bundan tashqari, prezidentning taʻʻkidlashicha, tez orada mamlakatda Raqamli texnologiyalar xalqaro markazi huzurida Xalqaro tijorat sudi ish boshlaydi.

«Ushbu sud Oʻzbekiston sud-huquq tizimida alohida oʻringa ega boʻladi. Buning uchun yaqin muddatlarda maxsus qonunni qabul qilamiz. Protsessual kodekslarga ushbu xalqaro tijorat sudi qarorlari toʻlaqonli ijro etilishiga oid meʻʻyorlarni ham kiritamiz», — dedi Shavkat Mirziyoev.

Oʻzbekiston rahbari, shuningdek, «sanoat zonalari tizimiga mutlaqo yangi yondashuvlar»ni joriy etish rejalarini ham maʻʻlum qildi.

«Yuqori texnologik loyihalarni amalga oshirish uchun investorlarga yanada qulay shart-sharoitlar yaratiladi. Sanoat zonalarini boshqarishda xususiy operatorlar, jumladan, yuqori malakali xorijiy kompaniyalarni faol jalb qilish amaliyoti kengaytiriladi. Maxsus iqtisodiy zonalar faoliyat muddatlari boʻyicha cheklovlar ham bekor qilinadi», — dedi Shavkat Mirziyoev.

«Xorijiy sarmoyadorlar uchun erlarni ijaraga berish muddati 25 yildan 49 yilgacha, yaʻʻni ikki barobar uzaytiriladi. Bunda, qonunlar bilan kafolatlangan amaldagi imtiyoz va preferentsiyalar toʻliq saqlab qolinadi», — dedi prezident.

Bu masalalarning barchasi 3 may kuni prezident huzuridagi Xorijiy investorlar kengashining navbatdagi yigʻilishida ham muhokama qilinadi.

Mavzuga aloqador