23-26 iyunʻ kunlari Oʻzbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoev taklifiga binoan Moʻgʻuliston prezidenti Uxnaagiyn Xurelsux davlat tashrifi bilan mamlakatda boʻladi. Bu haqda prezident matbuot xizmati xabar berdi.

Oliy martabali mehmon tashrifining dasturiga muvofiq, Toshkent shahrida oliy darajadagi muzokaralar oʻtkazilishi koʻzda tutilgan. Oʻzbekiston-Moʻgʻuliston doʻstlik va koʻp qirrali hamkorlik munosabatlarini yanada kengaytirish va mustahkamlash masalalari koʻrib chiqiladi.

Xususan, kun tartibidan konstruktiv siyosiy muloqot va parlamentlararo aloqalarni rivojlantirish, ikki tomonlama tovar ayirboshlash hajmini oshirish, togʻ-kon sanoati, qishloq xoʻjaligi, chorvachilik, engil sanoat, sogʻliqni saqlash, transport, logistika va boshqa yoʻnalishlarda kooperatsiya loyihalarini amalga oshirish rejalari oʻrin olgan. Shuningdek, madaniy-gumanitar va turizm aloqalarini faollashtirishga qaratilgan qoʻshma chora-tadbirlar muhokama qilinadi. Xalqaro masalalar yuzasidan fikr almashiladi.

Sammit yakunlari boʻyicha hukumatlararo va idoralararo hujjatlar toʻplamini qabul qilish koʻzda tutilgan.

Davlat tashrifi doirasida prezidentlarning ikki mamlakat etakchi kompaniyalari va ishbilarmon doiralar vakillari bilan uchrashuvi hamda qator boshqa ikki tomonlama tadbirlar oʻtkazilishi rejalashtirilgan.

Moʻgʻuliston prezidenti Uxnaagiyn Xurelsux Xiva shahriga ham borib, xalq boy madaniy-tarixiy merosi bilan tanishadi.

Mavzuga aloqador