«Islom moliyasi toʻgʻrisidagi qonun loyihasi tayyor» — MB raisi oʻrinbosari

Islomiy banking toʻgʻrisidagi qonun loyihasi ishlab chiqildi, u joriy yilda parlamentga kiritiladi, dedi MB raisi oʻrinbosari Behzod Hamroev. Uning aytishicha, yaqin vaqt ichida mikromoliya tashkilotlarida islomiy moliyaviy xizmatlar toʻgʻrisidagi meʻʻyoriy hujjatlar ham qabul qilinishi kutilmoqda.

«Oʻzbekiston — 2030» strategiyasida kamida uchta tijorat bankida islomiy moliyalashtirish mezonlari va tartiblarini joriy etish hamda islomiy moliyalashtirishning qonunchilik bazasini shakllantirish vazifasi belgilangan.

«Prezidentning 2022 yil avgusti va oʻtgan yili boʻlib oʻtgan tadbirkorlar bilan uchrashuvlarida shu masala koʻtarilgan edi. Oʻshandan beri bu borada turli vazirliklardan iborat ishchi guruh ish olib bormoqda. Bir narsani tushunish kerak: bu juda yangi va murakkab soha boʻlib, u koʻplab qonun hujjatlariga, jumladan, garov toʻgʻrisidagi, sudlar toʻgʻrisidagi, banklar toʻgʻrisidagi va Markaziy bank toʻgʻrisidagi qonunlarga oʻzgartirishlar kiritishni talab qiladi. Hozir qonun loyihasi tayyor, men avvalroq aytganman, bizning vazifamiz hujjatni 2024 yilda parlamentga kiritish», — dedi MB raisi oʻrinbosari Behzod Hamroev.

Unga koʻra, «Nobank kredit tashkilotlari va mikromoliyalashtirish faoliyati toʻgʻrisida»gi qonunga islomiy moliya xizmatlarini koʻrsatishga ruxsat beruvchi oʻzgartirishlar kiritilgan.

 «U erda tartib bor, faqat islomiy moliyaviy xizmatlar toʻgʻrisidagi nizomning qabul qilinishi kutilgan edi. Ushbu qoida Markaziy bank tomonidan ishlab chiqilgan, endi u davlat roʻyxatidan oʻtishi kerak. Qabul qilinganidan keyin bu boradagi ishlar boshlanadi», — dedi u.

Shuningdek, Oʻzbekistonning 12 ta banki, jumladan, «Agrobank», «Oʻzsanoatqurilishbank», «Mikrokreditbank», «Ipak yoʻli» banki va boshqalar Xususiy sektorni rivojlantirish boʻyicha Islom korporatsiyasi kredit liniyalari orqali murobaha xizmatlarini koʻrsatmoqda. «Trastbank»ning Trast Muamalat shuʻʻba korxonasi islomiy lizing xizmatlarini taqdim etmoqda.

Murobaha — xarid narxi va ustama miqdorini maʻʻlum qilgan holda, tovarni uning haqqini boʻlib-boʻlib toʻlash sharti bilan nasiyaga sotish orqali mijozni moliyalashtirish xizmati.

«Agar 2024 yilda asosiy qonunlarni [oʻzgartirishlar kiritishni] yakunlasak, talab va shart-sharoitlarni hisobga olgan holda, bu xizmat boshqa banklarda ham keng tarqaladi, deb oʻylayman», — MB raisi oʻrinbosari.

2018 yil may oyida muhokamaga qoʻyilgan prezident qarori loyihasida Oʻzbekistonda islomiy bank ishi va moliyalashtirish infratuzilmasini yaratish rejalashtirilgan edi. Hujjatda foizlar (ribo) koʻrinishidagi haq toʻlashni taqiqlash, foyda va zararni tadbirkor bilan loyihadagi ishtirok ulushlariga mutanosib ravishda taqsimlash, sugʻurta faoliyatini amalga oshirish (takaful), lizing faoliyati (ijara), qimmatli qogʻozlar bilan operatsiyalar (sukuk) va islomiy moliya tamoyillariga asoslangan boshqa operatsiyalar boʻyicha meʻʻyoriy hujjatlarni ishlab chiqish koʻzda tutilgan edi.

Mavzuga aloqador