Bangladeshda davlat ish oʻrinlari uchun kvota tizimiga qarshi keng koʻlamli namoyishlar Oliy sud hukumat qarorini bekor qilganiga qaramasdan davom etmoqda. Toʻqnashuvlarda kamida 187 kishi halok boʻldi. Komendantlik soati payshanbagacha uzaytirildi, butun mamlakat boʻylab internet oʻchirilgan. Bosh vazir Shayx Hasina cheklovchi choralar vaziyat yaxshilanmaguncha davom etishini maʻʻlum qildi.

Bangladeshda davlat ish oʻrinlari uchun kvota tizimiga qarshi keng koʻlamli namoyishlar davom etmoqda. Mahalliy matbuotga koʻra, toʻqnashuvlarda kamida 187 kishi halok boʻlgan.

Hukumat tartibsizliklarni bostirish uchun qattiq choralar koʻrdi: komendantlik soati payshanbagacha uzaytirildi, butun mamlakat boʻylab internet oʻchirildi, shahar koʻchalarida harbiy patrullar joylashtirildi.

Namoyishlar Bangladeshning 1971 yildagi Mustaqillik urushida qatnashgan faxriylarning oila aʻʻzolari uchun davlat ish oʻrinlarining 30 foizini ajratuvchi kvota tizimidan norozilik sabab boʻlgan. Keyinroq mamlakat Oliy sudi kvotani 7 foizga kamaytirishga qaror qildi, biroq bu namoyishlarni toʻxtata olmadi.

Bosh vazir Shayx Hasinaning aytishicha, cheklovchi choralar vaziyat yaxshilanmaguncha davom etadi.

Biznes vakillari internetning yopilishini “biznes uchun halokatli” deb atashdi va raqamli xizmatlarni tiklashni talab qilishdi.

2000 dan ortiq odam, asosan, muxolif partiyalar aʻʻzolari zoʻravonlikda ayblanib hibsga olingan. Seshanba kuni kechqurun keng polosali internet xizmatlari tiklanishi kutilmoqda, bu esa mamlakatdagi vaziyat haqidagi axborot oqimini engillashtirishi mumkin.

Mavzuga aloqador