AQSh 2023 moliya yilida xorijiy mamlakatlarga rekord darajada – 238 milliard dollarga qurol‑yarogʻ sotdi. Ushbu natijaga Rossiyaning Ukrainadagi urushi asosiy sababchi boʻlgani aytilmoqda.

Davlat departamenti hisobotiga koʻra, Ukrainadagi urush Amerika qurollariga boʻlgan talabni keskin oshirdi va qurol eksporti soʻnggi moliyaviy yilda rekord darajadagi 238 milliard dollarga etdi.

Davlat departamentining dushanba kuni eʻʻlon qilingan hisobotida aytilishicha, AQSh hukumatining xorijiy hukumatlar bilan operatsiyalari ayniqsa 2023 moliyaviy yilda sezilarli darajada oshgan. Ularning umumiy qiymati 56 foizga oshib, 81 milliard dollarni tashkil etdi.

Qolgan 157,5 milliard dollar Amerika harbiy-sanoat kompaniyalarining oʻz mijozlariga toʻgʻridan-toʻgʻri sotishidan tushgan. Ularning hajmi ham oshgan, lekin katta miqdorda emas: 2022 moliyaviy yilga nisbatan 2,5 foizga.

AQSh moliya yili 1 oktyabrda boshlanadi.

Qayd etilishicha, AQSh qurol‑yarogʻlariga boʻlgan talab, ayniqsa, Rossiyaning Ukrainaga qarshi urushi natijasida keskin ortdi.

Amerika qurollarining asosiy xaridorlaridan biri boʻlgan Polʻsha Rossiyaning Ukrainaga hujumidan soʻng, oʻz oldiga Evropadagi eng kuchli quruqlikdagi armiyani yaratishni maqsad qilib qoʻygan.

Polʻsha 12 milliard dollarlik Apache vertolyotlari, 10 milliard dollarlik HIMARS raketa tizimlari, 3,75 milliard dollarlik M1A1 Abrams tanklari, toʻrt milliard dollarlik havo va raketalarga qarshi mudofaa tizimlarini sotib oldi.

Germaniya esa AQShdan 8,5 milliard dollarga Chinook vertolyotlarini sotib oldi. Chexiya 5,6 milliardlik soʻnggi rususmdagi F-35 qiruvchi samolyotlari va oʻq-dorilarini, Bolgariya – 1,5 milliard qiymatidagi Stryker zirhli mashinalarini, Norvegiya – bir milliard dollarga koʻp maqsadli vertolyotlarni buyurtma qilgan.

Amerika qurollari va harbiy texnikalari Evropadan tashqarida ham sotib olinmoqda. Janubiy Koreya 2023 moliya yilida 5 milliard dollarga F-35 sotib oldi, Avstraliya 6,3 milliard dollarlik C130J-30 Super Hercules harbiy transport samolyotlariga buyurtma berdi, Yaponiya esa E-2D Hawkeye razvedka samolyoti uchun 1 milliard dollar toʻlaydi.

Mavzuga aloqador