Tojikiston may oyi oxirigacha Markaziy Osiyoning yagona energetika tizimiga qoʻshilishi mumkin. Bu haqda Oʻzbekiston energetika vaziri Joʻrabek Mirzamahmudov 14 may kuni Toshkentda boʻlib oʻtgan Energetika haftaligi (UEW 2024) davomida maʻʻlum qildi, deb xabar bermoqda «Gazeta.uz» muxbiri.

«Biz mintaqalararo savdo va mintaqalararo hamkorlikni rivojlantirmoqdamiz, qoʻshnilarimiz — Qozogʻiston, Qirgʻiziston, Turkmaniston bilan elektr energiyasini etkazib berish, eksport, import qilish va tranziti boʻyicha juda yaqin hamkorlik qilmoqdamiz. Bu oy Tojikiston ham bizning yagona Markaziy Osiyo energetika tarmogʻimizga qoʻshilishini kutamiz», — dedi u.

2021 yil oxirida Tojikiston mamlakatni Markaziy Osiyoning yagona energetika tizimiga qaytarish masalasini muhokama qila boshlagandi. Sanoat va yangi texnologiyalar vaziri Sherali Kabir Tojikiston 2022 yilda yagona energiya tizimiga qaytishini maʻʻlum qilgan, biroq bu masala bir necha bor qoldirilgan.

«Biz shu yilning oxirigacha [Tojikiston energetika tizimining] shimoliy qismini ulanishga tayyorlashni rejalashtirmoqdamiz, biroq bu liniyaning amalda ishga tushirilishi 2024 yilning aprelida amalga oshiriladi», — degandi Tojikiston energetika va suv resurslari vaziri Daler Juma.

YaET haqida

Markaziy Osiyo va Janubiy Qozogʻistonning Yagona energetika tizimi (YaET) 1970 yillarda yaratilgan. U Toshkentdagi Muvofiqlashtiruvchi-dispetcherlik markazi tomonidan boshqarilib, irrigatsiya davrida elektr energiyasiga boʻlgan talab va suvga boʻlgan ehtiyojning mavsumiy tebranishlarini muvozanatlash imkonini bergan.

Qishda Tojikiston va Qirgʻiziston suv omborlarida suv saqlagan va Oʻzbekiston, Qozogʻiston hamda Turkmanistondan elektr va energiya resurslarini (koʻmir va tabiiy gaz) olgan. Yozda Tojikiston va Qirgʻiziston qishda toʻplangan suvni qishloq xoʻjaligi erlarini sugʻorish uchun mintaqadagi qoʻshnilariga yoʻnaltirgan. Shuningdek, yozda Tojikiston va Qirgʻiziston qoʻshni respublikalarga ortiqcha hajmda ishlab chiqarilgan elektr energiyasini etkazib bergan.

«Energiya» muvofiqlashtiruvchi-dispetcherlik markazi direktori Hamidulla Shamsiev 2022 yil boshida Turkmaniston 2003 yilda Eron energetika tizimida savdo bozorini topib, oʻz tashabbusi bilan YaETni tark etganini va hozir u bilan parallelʻ ravishda ishlayotganini taʻʻkidlagandi. Turkmaniston va Oʻzbekiston «halqa» deb atalgan sxemalar ustida ishlamoqda, Oʻzbekiston tomoniga alohida generatorlar ajratmoqda.

Tojikiston bir vaqtlar parallelʻ ishlash shartlarini takroran buzgani sababli «halqa» tarmogʻidan ajratilgan edi. Bu Markaziy Osiyo va Janubiy Qozogʻiston tizimining boshqa ishtirokchilari qabul qilgan qoʻshma qaror boʻlgan. Hozirda Osiyo Taraqqiyot bankining moliyaviy koʻmagi asosida Tojikistonni yagona energetika tizimiga qayta ulash boʻyicha qator ishlar olib borilmoqda.

«Tojikiston energetika tizimi shu yillar davomida chastotani mustaqil ravishda tartibga solib kelmoqda, bu esa uning gidroelektrostantsiyalarida mavjud boʻlgan katta zaxiralar bilan taʻʻminlangan. Bu muammoni issiqlik stantsiyalari (Qozogʻiston va Oʻzbekistonda boʻlgani kabi) yoki gidroelektrostantsiyalardagi zaxiralar kamayishi (soʻnggi yillarda Qirgʻizistonda boʻlgani kabi) fonida hal qilish deyarli imkonsiz. Shuning uchun ham ushbu energetika tizimlarining yagona Markaziy Osiyo halqasida birgalikda ishlashi Markaziy Osiyo energetika tizimlarining ishonchli tarzda parallelʻ ishlashini taʻʻminlash, nafaqat ular, balki uzoq qoʻshnilar bilan ham oʻzaro manfaatli hamkorlikni kengaytirishning dolzarb ehtiyojidir», — dedi Shamsiev.

Tojikiston aʻʻzo boʻlgach, nima kutilmoqda?

Asiaplustj.info nashrining qayd etishicha, suv va energiya resurslaridan birgalikda muvofiqlashtirilgan foydalanish mintaqadagi barcha mamlakatlarga foyda keltiradi.

Tojikiston va Qirgʻiziston endi kuz-qish mavsumida elektr energiyasi tanqisligiga duch kelmaydi, Oʻzbekiston, Qozogʻiston va Turkmaniston esa sugʻorish mavsumida suvsiz qolmaydi.

Tojikiston qishki suv omboriga qaytadi (hozirda u yozda suv toʻplaydi) va mamlakatning elektr energiyasiga boʻlgan ehtiyoji transchegaraviy daryolarning quyi oqimidagi mamlakatlardan etkazib beriladigan taʻʻminot hisobidan qoplanadi.

Yozda Tojikiston qishda toʻplangan suvdan qoʻshnilarining sugʻorish suviga boʻlgan ehtiyojini qondirish uchun foydalanadi.