Foto: Oʻzbekiston musulmonlari idorasi

Oʻzbekiston musulmonlari idorasi va Janubiy Koreya musulmonlari federatsiyasi oʻrtasida anglashuv memorandumi imzolandi. Unda diniy taʻʻlim va imom-xatiblar tajriba almashinuvini yoʻlga qoʻyish, Janubiy Koreyada mehnat muhojirlari koʻp joylashgan hududlardagi jome masjidlarga oʻzbekistonlik imom-xatiblarning maʻʻrifiy suhbatlar tashkil etish kabilar koʻzda tutilgan.

Oʻzbekiston musulmonlari idorasi raisi, muftiy Shayx Nuriddin Xoliqnazar 16 aprelʻ kuni Janubiy Koreyaga safari doirasida ushbu mamlakat Musulmonlar federatsiyasi prezidenti Xvang Byong Xa-Ahmad hamda Janubiy Koreya musulmonlari jamoati bosh imomi Li Ju Xva-Abdurahmon Li bilan uchrashuv oʻtkazdi.

Uchrashuv yakunida Oʻzbekiston musulmonlari idorasi va Janubiy Koreya musulmonlari federatsiyasi oʻrtasida hamkorlikni yanada rivojlantirish uchun asos boʻladigan anglashuv Memorandumi imzolandi. Mazkur hujjat asosida diniy sohadagi hamkorlikni mustahkamlash, diniy taʻʻlim va imom-xatiblar tajriba almashinuvini yoʻlga qoʻyish, yot gʻoyalarga birgalikda qarshi kurashish va hamkorlikda anjumanlar oʻtkazish kabilarni amalga oshiriladi.

Shuningdek, Janubiy Koreyada mehnat migrantlari koʻp joylashgan hududlardagi jome masjidlarga oʻzbekistonlik imom-xatiblarning uzluksiz maʻʻrifiy suhbatlar tashkil etish imkoniyatlari paydo boʻladi.

Muloqotda, shuningdek, mamlakatlar oʻrtasidagi hamkorlik tobora rivojlanib borayotgani, diniy idoralar oʻrtasida aloqalari yoʻlga qoʻyilgani, oʻtgan Ramazon oyida bir guruh oʻzbekistonlik ulamolar Janubiy Koreyaning Seul, Kojedo, Kimxe, Cheongju, Mokpo kabi shaharlaridagi tadbirlarda mahalliy aholi va vatandoshlar bilan maʻʻrifiy suhbatlar oʻtkazgani taʻʻkidlandi.

Mavzuga aloqador