19.01.2024 20:47

Istanbulda Termiziyning “Sunan” asarini xatm qilgan yosh olimlarga ijozalar berildi

Istanbulda Turkiya prezidenti Rejep Tayyip Erdogʻan ishtirokida Imom Termiziyning “Sunan” asarini xatm qilgan yosh olimlarga muhaddis Shayx Muhammad Avvoma tomonidan maxsus ijozalar taqdim etildi. Marosimda Musulmonlar idorasi, Din ishlari boʻyicha qoʻmita rahbarlari va boshqa Oʻzbekiston vakillari ham qatnashdi.

19 yanvarʻ kuni Turkiyaning Istanbul shahrida Turkiya prezidenti tashabbusi bilan Paygʻambarimiz alayhissalom siyratlari va hadis ilmi tadqiqiga bagʻishlangan xalqaro ilmiy anjuman boʻlib oʻtdi, deya xabar bermoqda Oʻzbekiston musulmonlari idorasi matbuot xizmati.

Ushbu nufuzli tadbir doirasida prezident Rejep Tayyip Erdogʻan ishtirokida Imom Termiziyning “Sunan” asarini xatm qilgan yosh olimlarga muhaddis Shayx Muhammad Avvoma tomonidan maxsus ijozalar taqdim etildi.

Mazkur anjumanda Oʻzbekiston prezidentining din va millatlararo munosabatlar masalalari boʻyicha maslahatchisi Muzaffar Komilov, Musulmonlar idorasi raisi, muftiy Shayx Nuriddin Xoliqnazar va Din ishlari boʻyicha qoʻmita raisi Sodiqjon Toshboev kabi bir qator Oʻzbekiston vakillari ishtirok etdi.

Soʻzga chiqqan notiqlar tomonidan hadisi shariflarni zamonaviy talqinda sharhlash va bu orqali hozirgi murakkab davrda mafkuraviy tahdidlar hamda gʻoyaviy xurujlarga qarshi turishdagi amaliy jihatlarga alohida eʻʻtibor qaratildi. Shuningdek, hadislarning bugungi kundagi tarbiyaviy-ahloqiy tomonlariga ham katta urgʻu berildi.  

Fayzli marosimda “Dorul Hadis” rahbari, muhaddis Shayx Muhammad Avvoma hafizahulloh boshchiligidagi ulamolarning hadis ilmiga oid ilmiy loyihalari taqdimot qilindi. Shuningdek, Imom Termiziyning “Sunan” asarini tahqiq va tadqiq etish nihoyalangani, Imom Zarqoniyning alloma Qastaloniyning “Mavohibu Laduniya” asari sharhining tahqiqi boshlangani haqida maʻʻlumot berildi. Bundan tashqari, Hofiz Suyutiyning “Tadrib ar-Roviy” kitobini oʻqish va sharhlash boʻyicha xatmona darsi oʻtkazilib, maxsus ijozalar topshirildi.

Rejep Tayyip Erdogʻan marosimda soʻzga chiqib, Hazrati Paygʻambarimiz sollallohu alayhi vasallam insonlarga eng goʻzal ibrat ekanlari, chiroyli xulqlari, Ul zotdan musulmon ummatiga Qurʻʻon va sunnat qolganini taʻʻkidlash barobarida Shayx Muhammad Avvoma hazratlari rahbarligida Imom Suyutiy, Imom Zarqoniy kabi muhaddislarning asarlari sharh qilingani hamda Imom Termiziyning “Sunan” asari tahqiq etilgani juda katta savobli ish boʻlganini qayd etdi.