Muborak Ramazon oyi Alloh taoloning nazdida yilning eng afzal oyidir. Bu oy musulmonlar uchun hasanotlarini, savoblarini koʻpaytirish mavsumidir. Ushbu oyning barcha imkoniyatlaridan foydalanib, koʻproq savob olish uchun qaysi amallarni qilgan afzal?

Muborak Ramazon oyi Alloh taoloning nazdida yilning eng afzal oyidir. Bu oy musulmonlar uchun hasanotlarini, savoblarini koʻpaytirish mavsumidir. Ramazonning roʻzasi balogʻatga etgan, aqlli musulmonning zimmasida farzdir. Ushbu roʻzani tutmaslik Alloh taolo ruxsat bergan kishilargagina mumkindir. Ular bemor bilan musofirdir. Ularning roʻza tutmasligiga ruxsat boʻlishi uchun bemorning kasali kuchayishi, tuzalishi ortga surilishi yoki oʻlim xavfi yuzaga kelishi kerak. Musofirga esa agar roʻza tutsa, safar asnosida mashaqqat boʻlib, safari ogʻirlashishi kerak. Agar mazkur holatlar boʻlmasa, bemor ham, musofir ham roʻza tutadi.

Alloh taolo Karim Zotdir. Roʻza uchun beradigan savobi ulkan boʻlib, miqdori qanchaligini Oʻzidan boshqa hech kim bilmaydi.

Shunday ulugʻ oyda qilinadigan buyuk amallarni quyida keltirib oʻtamiz:

Roʻza

Sahih roʻza musulmonning bu oyda ado etadigan eng afzal amallaridan biridir. Roʻza – niyat bilan taom, ichimlik va jimoʻʻdan tiyilishdir. Bundan tashqari yolgʻon gapirishdan, gʻiybatdan, chaqimchilikdan, haromga nazar solishdan, harom narsalarga quloq solishdan va barcha yomon illatlardan tiyilish ham kiradi. Roʻzador odam koʻzini va qulogʻini, tilini, umuman, barcha aʻʻzolarini haromdan tiyish shartdir. Hadislarda roʻzador odam gunohlardan tiyilmasa, aʻʻzolarini haromdan tiymasa, unga faqat och qolish va chanqashgina qolishi aytilgan.

Qurʻʻoni karim qiroati

Musulmon kishi Ramazon oyida Qurʻʻoni karim tilovati bilan vaqtini oʻtkazishi eng afzal amallardandir. Qori oʻqigan har bir harf uchun hasana oladi. Bir hasana oʻntaga koʻpaytirib beriladi. Roʻzador kishi uxlab, televizor koʻrib, behuda gap-soʻzlar bilan vaqtini oʻtkazish oʻrniga Qurʻʻon qiroatiga berilishi, uni yodlash, maʻʻnolarini tadabbur qilish bilan vaqtini oʻtkazishi lozimdir. Zero, Ramazon Qurʻʻon nozil boʻlgan oydir.

Sadaqa

Oddiy kunlarda sadaqa qilish Alloh taologa mahbub amallardan biridir. Ramazonda esa bu amalning savobi yanada koʻpayadi. Sadaqaning turlari koʻp. Masalan, faqirlarga taom berish, mol bilan sadaqa qilish, libos sadaqa qilish yoki kimning nimaga ehtiyoji boʻlsa, oʻsha narsani sadaqa qilish. Ayniqsa, saharlik va iftorlikda egulik topishga qiynaladigan kambagʻallarga taom va boshqa eguliklar sadaqa qilish yoki shuning pulini berish ayni muddaodir.

Qiyomul layl

Rasululloh sollallohu alayhi vasallam Ramazon oyida tahajjud namozini aslo qoldirmas edilar. Chunki bu oyda qilingan nafl ibodatga boshqa oylardagi farz ibodatning savobi beriladi. Masjidlarda taroveh namozini imom bilan birga jamoat boʻlib ado etgan kishi ham kechani bedor oʻtkazgan hisoblanadi. U zot alayhissalom bu oyning oxirgi oʻn kunlarida masjidda eʻʻtikof oʻtirardilar. Chunki, oxirgi oʻn kunlikda ming oydan yaxshiroq boʻlgan qadr kechasi bordir. Paygʻambarimiz sollallohu alayhi vasallam oʻz ummatlarini bu oyning kechalarini ibodat ila bedor oʻtkazishga targʻib qilganlar.

Umra

Ramazon oyida umra qilish haj qilganlik savobiga teng deyiladi. Kim bu oyda umra qilishga imkoni boʻlsa, umra qilsin, zero bunda katta ajr bordir.

Allohning zikri

Allohni zikr qilish ulugʻ amaldir. Zikr deganda Allohni “Subhanalloh”, “Alhamdulillah”, “Laa ilaaha illalloh”, “Allohu akbar”, “Astagʻfirulloh” kabi lafzlar bilan yoki namoz oʻqib, Qurʻʻon tilovat qilib zikr qilishga aytiladi. Shu amallarni Ramazon oyida qilish esa savobning koʻpayishiga sabab boʻladi. Ogʻiz ochish paytida koʻp duo qilishga urinish kerak. Bu paytda qilingan duo ijobat boʻlishi xabarlarda aytilgan.

Silai rahm

Silai rahm – qarindoshlar bilan aloqani bogʻlashdir. Bu amal oddiy kunlarda ham juda savobli, insonning umri, rizqi barakali boʻlishi sabab boʻladi. Ammo shu amalni Ramazon oyida bajarilsa, savobi ham, umrga, rizqqa keladigan baraka ham ziyoda boʻladi.

Mavzuga aloqador