Ubudiyat

BIR-BIRIMIZGA KERAKMIZ

Shovqinli koʻchalar, ulovlar suroni, zararli tutunlar...

Keraksiz shoshqinliklar, sababsiz xavotirlar, oxiri yoʻq ehtiyojlar...

Noroziliklar, burilgan lablar, jiyrilgan burunlar, tuganmas shikoyatlar...

Tugʻilgan kun tadbirlari, bitiruv oqshomlari, dabdabali toʻylar...

Istalgan narsani topish mumkin boʻlgan savdo markazlari, Samud qavmining hasadini keltiradigan osmonoʻpar binolar, Eramni soyasida qoldiradigan maydonu xiyobonlar...

Bularning qoq oʻrtasida yuragimiz bor – hayot uchun kurashayotgan, tobora surʻʻati pasayayotgan, shunda ham urishga urinayotgan, vazifasi faqat vujudimizga qon etkazib berishgina boʻlmagan yuragimiz bor. Jon qulogʻimizni tutsak, ovozini eshitishimiz, ogʻriqlariga guvoh boʻlishimiz mumkin...

Buning uchun quloqliklarimizni, qora koʻzoynaklarimizni echaylik, bir muddat ekranlardan uzilaylik, hayotimizga teranroq nazar solaylik. Iloh qilib olmasligimiz xususida Rabbimiz bizni ogohlantirgan havoyi nafsimizning borgan sari qanchalar baland parvoz qilayotgani haqida oʻylaylik. Koʻkrak qafasimizda asirdek qiynalayotgan yuragimiz nega bu qadar zaif ekani; nega torayib borayotgani; nima sababdan unga hech kim sigʻmay qolayotgani haqida mulohaza qilaylik. Yuragimizdan na begʻubor nigohli goʻdaklarga, na qoʻllari qadoq qariyalarga va na oʻksik etimlarga joy bermayotganimiz sababi toʻgʻrisida fikr yuritaylik. Va shoirning davrimizga qoʻygan “yurak etishmovchiligi” tashxisi qanchalik haq ekanini tan olaylik.

Chindan ham, har birimizning xastaligimiz bir – yuragimiz hech kimga etmaydi, undan birovga panoh berolmaymiz. Chunki dunyomizni oʻzimiz va oʻzimizga oid boʻlgan narsalar toʻldirgan, shu sababli ham boshqa narsa sigʻmaydi. Oʻzimizni rasmga olish bilan shu qadar bandmizki, birovning dardini olishga toqatimiz yoʻq. Hech qanday qaygʻu ishtahamizni boʻgʻolmaydi, hech qanday musibat rohatimizni buzolmaydi, biror kimsa bizni xafa qilishiga yoʻl qoʻymaymiz. Oʻzidan boshqa hech kimi boʻlmagan xilqat holiga keldik. Yuragimiz tobora qurib, sahroga aylanmoqda, unumsizlashmoqda, oʻzimizga, atrofimizdagilarga musaffo havolar taratguvchi yashil vodiylari yoʻqolib bormoqda. Dardmandlarga darmon boʻlolganimizda, yigʻlaganlarga qoʻshilib koʻzyosh toʻkolganimizda, burda nonimizni muhtojlar bilan baham koʻrolganimizda edi, shunday boʻlmasdi.

Rabbimiz zaif, ojiz, gʻarib-miskinlarni Kalomi sharifida zikr etadi; ularga yordam beruvchilarni maqtaydi, bu ish uchun mukofotlar vaʻʻda qiladi. Biz esa Alloh Kitobiga gʻaflat nazari bilan qaraymiz. Koʻp eymiz, koʻp gapiramiz, koʻp uxlaymiz, koʻp unutamiz. Hissizlik, loqaydlikdan deyarli halok boʻladigan holga keldik. Vaholanki, boshqalarning toʻgʻri yoʻlga kirishi uchun har qanday fidoyilikka tayyor turgan Paygʻambar (alayhissalom)ga ummatmiz. Yarimta xurmoni ham muhtojga ilinishni kamsitmagan, qarzdorga, bemorga, keksaga yordam qoʻlini choʻzishga targʻib qilgan rahmat elchisi (alayhissalom)ning yoʻlidamiz (Imom Muslim). Nabiyimiz (alayhissalom) oramizdagi zaiflar sababli rizq berilishini eslatgan, zulm haromligidan ogohlantirgan (Imom Buxoriy). Janobimiz (alayhissalom) dasturxonidan Abdullohlarga, Anaslarga joy bergan, etimning qornini toʻydirgan, muhtojga quchoq ochganlar. U zot (sollallohu alayhi va sallam) ikki kishilik ovqati boʻlgan kimsa uchinchi odamni, toʻrt kishilik ozuqasi bor esa beshinchi odamni mehmon qilishini istardilar (Imom Buxoriy). Sahobalarga shoʻrvaning suvini koʻpaytirib, qoʻshnilarga ham tarqatishni tavsiya qilardilar (Imom Muslim). U kishi (alayhissalom) qoʻshnisi och moʻminning toʻq holda uxlashini qoralaganlar (Ibn Abi Shayba). Biz esa dunyoning qay burchaklarida necha insonlar ochlikdan uxlolmayotganini bilganimiz holda... Ummatning qanchalab etimlari sovuqdan qaltiraydi, bizning yuragimizda esa ularni isitishga harorat yoʻq...

Tuzalishni istamaymizmi? Bizni oʻrab olgan boʻshliqdan, zerikishlardan qutulishni xohlamaymizmi? Xohlaymiz, toʻgʻri emasmi? Shunday ekan, nabaviy nasihatlarga boʻysunib, bizdan najot kutganlarga panoh boʻlaylik, ular uchun duo qilishdan erinmaylik. Gʻaflatdan qutulib, yuragimizni kengroq qilsak, oʻzimizdan ortib, boshqalarning dardida yashashni ham oʻrgansak, ichimizdagi qovjiroq vodiylarimizni tiriltira olamiz. Goʻdaklarning maʻʻsum yuzlariga tabassum baxsh etolsak, yuragimizda hammaga etadigan darajada joy borligini anglaymiz. Shunda shovqinli koʻchalar, osmonoʻpar binolar orasida siqilib qolgan qalbimiz erkin nafas oladi. Biz odamlarga, odamlar bizga kerakligini his qilamiz. Shunda kulrang tuslar, qora ranglar ketib, olam koʻz oldimizda kamalak ranglarida jilolana boshlaydi.

Zumrad FOZILJON qizi

tayyorladi.

Mavzuga aloqador