Vasvasa nima? Asli, asosi boʻlmagan, haqiqatga aloqasi yoʻq, odamni yomon, foydasiz xayollarga, ishlarga boshlaydigan vahima, shubha, ikkilanish va ehtimollar. U bizni nazorat ostiga oladi, eng xunugi, dinda joiz boʻlmagan harakatlarga yoʻnaltiradi.

Bunda eng birinchi bilishimiz kerak boʻlgani – bizda roʻy berayotgan holatning vasvasaligini, shayton yoʻldan adashtirish uchun urinayotganini anglash. Chunki iblis ojizligimizdan foydalanib, bizni tushkunlikka tushirish, qoʻrqitish, oramizni buzish, aqidaviy masalalarda shubhalantirishni xohlaydi. Odamzotni jahannamiy qilishdek katta maqsadiga etishni istaydi.

Binobarin, Alloh taoloning “Odamga sajda qil” degan amrini bajarmagani uchun huzuri ilohiydan quvildi. Oʻz gunohida ham Allohni, ham insonni aybladi va dedi: “...Ey Rabbim! Qasamki, endi meni yoʻldan ozdirganing sababli, albatta, ularga (Odam bolalariga) erdagi (barcha gunoh ishlarni) chiroyli koʻrsatib qoʻyurman va albatta, ularning hammalarini yoʻldan ozdirurman! Illo ularning orasidagi ixlosli bandalaringgina (bundan mustasnodir)” (Hijr, 39–40).

Bu dushmanlikning ilk samarasi hazrat Odam va hazrat Havvoga taqiqlangan mevani edirganida koʻrindi. Odam alayhissalom va zavjasi xatolarini tezda tushunib, pushaymonlik va koʻzyoshi ila tavba qilishdi; Haq taolodan afv soʻrashdi.

Xuddi shu oʻrinda shayton bilan hazrat Odam oʻrtasidagi farq yaqqol koʻzga tashlanadi. Gunohni qilib qoʻyib, sarkashlik bilan aybdor izlagan iblis oʻch olish payiga tushdi. Hazrat Odam va hazrat Havvo esa oʻz vaqtida ayblarini boʻyinlariga olib, Allohning rahmat va magʻfiratiga sigʻinishdi.

Bugun ham odam oʻsha, shayton ham... Hanuz toʻrt yonimizdan yaqinlashib, qalbimizga goh oʻtmish, goh kelajak bilan xavotir soladi. Baʻʻzan savobimizni katta qilib koʻrsatish bilan chalgʻitsa, baʻʻzan gunohlarmizi kechirilmasligi haqidagi vahimalar bilan isyonga undaydi.

Rasululloh aytganlaridek, qon tomirlarimizda yuradigan shayton zaif tomonlarimizni juda yaxshi biladi. Shunday ekan, hushyor boʻlmasak, bizni istagan tomoniga boshlaydi.

Bir kuni ishxonaga telefon boʻldi, meni soʻrashdi. Oʻzim tengi ayol: “Shu darajada yomon ahvoldamanki, hatto Allohning sifatlari borasida nojoiz oʻylar miyamga kelyapti. Agar ularni boricha aytsam, sizniyam ongingizga oʻrnashib qolishidan qoʻrqaman”, deb yigʻlab yubordi. Xudoning hikmatini qarangki, oʻsha kunlari oʻzim ham qattiq vahimada qolgan, bir kun oldin Shayx Muhammad Sodiq Muhammad Yusuf rahimahullohning Misrdagi tahsil davomida vasvasaga tushganlari va bundan qanday qutulganlari haqidagi xotiralarini oʻqib, tinchlanib turgandim. Shularni va oʻzimda boʻlgan holatlarni ham yashirmay aytib berdim. “Sizda ham shunday-shunday boʻladimi? Mana bunday fikrlar xayolingizga keladimi?” dedim. Ayol oldin hayratlandi, aytganlarimni tasdiqladi, keyin aytdi: “Demak, bu holga tushgan bitta men emas ekanman-da! Bunaqa oʻylarni miyaga olib keladigan iblis ekan-da!”

Oʻsha ayol aytganday, vasvasaga uchib, gunohga qolishdan qutulishning eng birinchi yoʻli – uning shaytondan ekanini bilish va darhol Allohning panohiga sigʻinishdir: “Aʻʻuzu billahi minash-shaytonir rojiym...”

Zumrad Foziljon qizi

Mavzuga aloqador