"Ramazon oyida gunohlaridan poklanib olmasa, qachon poklanadi axir?!" Bu xitob ayniqsa, umrining xazonrezgi mavsumida yashayotgan, hayot yoʻlining soʻnggi bekatlari koʻrinib qolganlar uchun taʻʻsirchan eslatma, ogohlantirishdir. Sizni bilmadimu, ammo men hadisdagi  "boʻlmasa qachon axir?" savolichalik oʻyga toldiradigan, koʻngilga xavotir va iztirob soladigan boshqa savolni bilmayman...

Kecha kechqurun yozganlarimni tartibga solayotib, ularning orasida bir hadis yozilgan qogʻozga koʻzim tushdi. Anas ibn Molikdan rivoyat qilingan mazkur hadisda shunday deyilardi:

"Mana yana Ramazon keldi. Bu oyda jannat eshiklari ochiladi, doʻzax eshiklari esa, yopiladi va shaytonlar zanjirband qilinadi. Mana shunday Ramazon oyiga etishib turib ham gunohlaridan poklanib ololmaganning holiga voy boʻlsin! Ramazon oyida gunohlaridan poklanib olmasa, qachon poklanadi axir?!" (Tabaroniy rivoyati)

Ushbu hadisi sharifni oʻqib, avvaliga sevindim. Keyin esa, undagi bir jumla ustida oʻylanib qoldim. Ana shu birgina jumladan tuygan hissiyotlarimni Siz bilan oʻrtoqlashmoqchiman.

"Ramazon oyida gunohlaridan poklanib olmasa, qachon poklanadi axir?!" Bu xitob ayniqsa, umrining xazonrezgi mavsumida yashayotgan, hayot yoʻlining soʻnggi bekatlari koʻrinib qolganlar uchun taʻʻsirchan eslatma, ogohlantirishdir. Sizni bilmadimu, ammo men hadisdagi  "boʻlmasa qachon axir?" savolichalik oʻyga toldiradigan, koʻngilga xavotir va iztirob soladigan boshqa savolni bilmayman.

Gunohlar toʻzonida gʻubor bosib, qoraygan umr daftarini tozalash imkoni tugʻiladigan mavsumga – Ramazon oyiga ishora qilib, achinarli xotima ehtimolidan ogoh etadigan soʻroq bu...

Nima qilib boʻlsa-da, mana shu oyda gunohlardan poklanib olish lozimligini uqtiradigan, "buning uchun ushbu oydan qulay fursat yoʻq", degan maʻʻnoni oʻz zamiriga yashirgan savol bu...

Bu savol meni turtib, jaholat mastligidan hushyor, gʻaflat uyqusidan bedor qildi.

Siz-chi, aziz doʻstim, Siz taʻʻsirlanmadingizmi hadisdagi bu xitobdan? Siz ham xavotirga tushmadingizmi? Oʻzingizga oʻzingiz "Shoshma", deya bir dam tafakkurga choʻmmadingizmi? Yoki bu yoʻlga oʻzingizni tayyor deb hisoblaysizmi?  Har bir amal niyatga bogʻliq deyilganidek, magʻfirat yomgʻirida boshdan-oyoq poklanishga hozirmisiz? Xotimangizdan xotirjamdirsiz balki? Agar shunday boʻlsa, Sizning bu xotirjamligingiz havasga, hatto, hasadga loyiq!

Biroq men hamon "boʻlmasa qachon axir?" degan xitobdan va u esga soladigan abadiy badbaxtlik ehtimolidan, gunohlardan poklana olmay qolishdan, rahmat mavsumida qaqroq lab bilan suvsiz qolib ketishimdan qoʻrqyapman. Umidim shamchirogʻi xavotirim xuftonini hech yorita olmayotir. Xullas, qoʻrqyapman, doʻstim, qoʻrqyapman.

"Boʻlmasa qachon axir?" Qaniydi bu savolga: "Shu Ramazonda, ha-ha, albatta mana shu Ramazon oyida!" – deb javob bera olsaydim va uni amalga oshirishga shahd bilan shaylansaydim, bundan oʻzimni juda baxtiyor his qilardim.

Nima deysiz, doʻstim, Siz bu yoʻlda meni ezgu niyatlaringiz, duolaringiz bilan qoʻllab turasizmi? Men esa ana shu "boʻlmasa qachon axir?" soʻrogʻi hech qachon Sizga tegishli boʻlib qolmasin, deb duo qilaman. Ilohim, ushbu Ramazon magʻfiratingiz shoni, poklanishingiz nishoni boʻlsin, deyman. Soʻzimning nihoyasida yana bir marta oʻzimdan soʻrayman:

"Poklanish Ramazonda boʻlmasa, qachon axir?"

Sodiq Nosir

Mavzuga aloqador