Mehnat muhojirlarining Rossiyani ommaviy tark etishi fonida ish beruvchilar migrantlarning oylik maoshlarini oshirishga majbur boʻlmoqda. Bu esa, oʻz navbatida, tovar va xizmatlar tannarxining oshishi hamda sifatining tushishiga sabab boʻlmoqda - “Moskovskiy komsomolets” tadqiqoti.

Rossiya korxonalari muhojirlarning mamlakatni tark etishi fonida chet ellik ishchilarning maoshlarini keskin oshirdi - mehnat bozorida ularning oʻrnini egallaydigan hech kim yoʻqligi oshkor boʻlib qoldi. Bu haqda “Moskovskiy komsomolets” oʻtkazgan tadqiqotda aytiladi.

Ixtisoslashgan xizmatlardan biriga koʻra, yil boshidan buyon muhojirlarning oylik maoshlari 40 foizga oʻsdi va bugungi kunda oyiga 150 ming rublʻ darajasiga etdi. Gap, birinchi navbatda, payvandchi, betonchi, monolitchi, armaturachi kabi qurilish kasblaridagi muhojirlar daromadlari haqida bormoqda.

Oʻtgan yili mamlakatda ishchi kuchi taqchilligi 4,8 million kishini tashkil qilgan. Bu megapolis aholisi soniga teng boʻlib, ishchilarning keskin tanqisligi mahalliy kompaniyalarni nafaqat qoʻshni mamlakatlar, balki Afrika qitʻʻasida ham qidirishni boshlashga majbur qildi: Jazoir, Keniya, Zimbabve, Zambiya.

MDH davlatlaridan boʻlgan muhojirlarga kelsak, ularning oqimi deyarli ikki barobar qisqardi va mehnat bozoridagi umumiy vaziyatni yomonlashtirdi. Bunday vaziyatda muhojirlarni “moʻmay daromad”ga qiziqtirish uchun nimadir qilish kerakligi aniq boʻlib qoldi.

Maʻʻlum boʻlishicha, boʻshab qolgan ish oʻrinlarni egallashlari uchun rossiyaliklar etarli emas. Tadqiqotda taʻʻkidlanishicha, muhojirlar Mehnat kodeksida belgilanganidek kuniga 8 soat emas, balki 12-14 soat ishlaydi. Baʻʻzan, beton quyilishi kerak boʻlsa, tungi smenada ham ishlab qolishadi. Bu juda ogʻir ish. Shuningdek, ular haftada emas, balki oyda 1-2 kun dam olishadi.

Nafaqat qurilishda, balki zanjirli savdo tashkilotlarining taqsimlash omborlarida ham ishchilarning keskin taqchilligi kuzatilmoqda. Bularning barchasi ish beruvchilarni muhojirlarning ish haqlarini oshirishga majbur qilmoqda.

Avvalroq koʻchmas mulk sohasidagi etakchi ekspertlardan biri Sergey Smirnov muhojirlarga qarshi kampaniya uy xaridorlariga qarshi qanday oʻynaganini aytib bergan edi. Uning soʻzlariga koʻra, "qurilish narxini saqlab qolish" uchun Davlat Dumasi ishlab chiqaruvchilarning javobgarligini va xaridorlar oldidagi sifat kafolatlarini kamaytiradigan bir qator qonunlarni qabul qildi. Xarajatlarning oshishiga asosiy sabab Davlat Dumasi tomonidan qabul qilingan migratsiya qonunlari, deya taʻʻkidladi ekspert.

«Koʻrib turganingizdek, butun hikoyada asosiy zarar koʻrgan tomon rossiyalik isteʻʻmolchi - kuchayib borayotgan ishchi kuchi etishmasligi odamlarni tovarlar va xizmatlar uchun koʻproq toʻlashga majbur qiladi, ular sifatni ham yoʻqotadi”, deyiladi maqolada.

Mavzuga aloqador