21.06.2025 09:23
249

Oʻta xatarli xastalikni bilasizmi?



Beparvolik – kasallik. Kasallik boʻlganda ham oldi olinmasa, urchiydigan, tezda koʻpchilikni girdobiga tortadigan oʻlatdir. Men uni OITS virusiga oʻxshatgim kelaveradi. Chunki beparvolik ham ana shu asr vabosi kabi oʻzicha biror zarar keltira olmaydi, balki hamiyat, hamjihatlik kabi fazilatlar emirilishiga, turli moddiy-maъnaviy jinoyatlar tarqalib, keng tus olishiga sabab boʻladi.
Alloh taolo buyuradi: “(Ey moʻminlar), agar moʻminlardan boʻlgan ikki toifa (bir-birlari bilan) urushib qolsalar, darhol ularning oʻrtasini oʻnglab qoʻyinglar!” (Hujurot, 9). Biz esa bozorlarda yoki jamoat joylarida bir-biri bilan urushayotganlarni uchratib qolsak, tan olaylik, miriqib tomosha qilgimiz keladi. Ularni yarashtirib qoʻyishni oʻylamaymiz ham. Buning oʻrniga darhol telefonni olib, videoga, suratga olamiz. Baъzilar esa “voqea joyidan toʻgʻridan-toʻgʻri reportaj”ni boshlab yuborishadi – bu erda sodir boʻlayotgan hodisani ijtimoiy tarmoqlarga oqizmay-tomizmay etkazishadi. Vaholanki, Rasululloh sollallohu alayhi va sallam: “Biror nojoʻya ish qilayotganni koʻrsangiz, qoʻlingiz bilan qaytaring, bunga kuchingiz etmasa, tilingiz bilan qaytaring. Bunga ham imkon topmasangiz, hech boʻlmasa koʻnglingizda u ishga norozi boʻling, bu imonning eng zaif darajasidir”, deb ogohlantiradilar (Imom Buxoriy rivoyati).
Demak, dinimizda notoʻgʻri holatlarga beparvo boʻlish qatъiy taqiqlangan, uni iloji boricha tuzatishga targʻib etilgan. Biz bularga amal qilyapmizmi?
Birgina misol – koʻcha-koʻyda bir-birini uyat soʻzlar bilan haqorat qilayotgan bolalarni koʻrib, “Menga nima, bolam emaski tergasam”, degan oʻyda jimgina oʻtib ketaveramiz. Bu – xato! Chunki u sizning boʻlmasa, qoʻshningizning, mahalladoshingizning, qoʻyingki, bir musulmon qardoshingizning dilbandi. Balki unga taъsirchan uslubda nasihat qilsangiz, shirin til bilan bu ishi notoʻgʻri ekanini tushuntirsangiz, ehtimol ana shu haqoratni bir umr ogʻziga olmas. Axir, jamiyat islohi undagi insonlar oʻnglanishidan boshlanmaydimi? 
Bu gaplarning barchasi oilasida mazkur masalada muammo qolmaganlarga tegishli. Yoʻqsa, isloh dastlab oiladan boshlanishini eslatishga hojat boʻlmasa kerak, deb oʻylayman.
Noʻъmon Abdulmajid

Mavzuga aloqador