28.07.2025 11:11
193
Nafsning qusurlari va ularni davolash yoʻllari
1. Nafsning najotga erishdim, deb oʻylashi
Qusur:
Nafsning kamchiliklaridan biri – uning oʻzini najot topdim, yaъni jannatiyman deb oʻylashidir. Banda turli zikrlar va ibodatlar bilan najot eshigini taqillatadi. Hatto bu eshiklar uning uchun ochilishi ham mumkin. Biroq banda oʻzini allaqachon natijaga erishdim, deb oʻylashi, Allohning farz va qaytariqlariga beeъtibor boʻlishi ortidan yana yoʻlidan adashadi. Alloh saqlasin!
Husayn ibn Yahyo, Jaъfar ibn Muhammad orqali Masruqdan eshitgan quyidagi hikoyani tinglaylik:
"Bir kuni Robiъa al-Adaviya Solih al-Murriyning majlisiga bordi. Oʻsha paytda Solih al-Murriy
– Har kim (najot eshigini) taqqillatishda davom etsa, inshaalloh uning uchun eshiklar ochiladi, – der edilar. Buni eshitgan Robiъa al-Adaviya:
– Darhaqiqat, eshiklar ochiq. Lekin sen (unga kirish)dan qochyapsan. Sen ilk qadamingni notoʻgʻri qoʻysang, (asliy) maqsadingga qanday erishasan?! – deya javob berdilar.
Shunday ekan, shahvat va hirslarining asiri boʻlgan banda nafsining kamchiliklaridan qanday qutulishi mumkin? (Ulugʻ Allohning farz va taqiqlariga) itoatsizlikdan toʻxtamaydigan bir kishi, oʻz xohish-istaklariga tobe boʻlishdan qanday xalos boʻlishi mumkin?
Hikmat sohiblari shunday deganlar:
"Senda (nafsga oid) ayb-u nuqsonlar bor ekan, (maъnaviy kasalliklardan) tuzalishingdan umid qilma... Va gunoh qilishda davom etarkansan, najot topishingni kutma".
Davolash yoʻli:
Bu xastalikdan qutulish yoʻli – Sirriy Saqatiy aytadilar:
"(Ulugʻ Alloh tomonidan belgilab berilgan) hidoyat yoʻlida yurish, halol rizq topish va taqvo egalaridan boʻlishdir".
Abu Abdurahmon as-Sullamiyning "Nafs qusurlari va davo yoʻllari" kitobidan