24.07.2024 20:29

Dunyoviy davlatda radikalizm va umuman, radikallashuvning asl sabablari

Oxirgi vaqtlarda ayrim noxolis va maqsadi jamiyatni ikkiga boʻlish hisoblangan ommaviy axborot vositalari “dunyoviy jamiyatda radikallashuv kuchayib bormoqda”, “uning oldi olinmasa, xalifalik va shariatga asoslangan davlat oʻrnatiladi” qabilidagi ogohlantirishga asoslangan “daʻʻvat”lari keng tarqalmoqda.

Xoʻsh, bunday iddaolar va “daʻʻvatlar” statistik, ilmiy dalillar yoki soha boʻyicha ekspertlarning xulosalari asosida aytilmoqdami?! Yoki ayrim islomofob, gʻaraz niyatli, xalqning milliy, tarixiy, eʻʻtiqodiy muqaddasotlarini yoʻq qilmoqchi boʻlayotgan radikal ateist va radikal liberal jamoalari oʻzlarining asossiz va isbotlanmagan dalillari bilan, ong va tafakkurni zaxarlashmoqchimi?!

Biz esa ular iddao qilayotgan “faktlar”ga ilmiy va isbotlangan faktlar bilan javob beramiz. Biz keltiradigan fikrlar ilmiy dalillar bilan asoslangan, ehtiros va quruq gaplardan iborat emas.

Demak, dunyoviy davlat deganda eng avvalo teng huquqli, erkinlik taʻʻminlangan huquqiy-demokratik davlat tushuniladi[1]. Yaʻʻni dunyoviy davlat degani ateizm degani emas. Dunyoviy davlatning asosi bu aynan dindor va dinsiz qatlamning eʻʻtiqodiy huquqlarini birdek himoya qilish degani. Buni, afsuski, ayrim yuqorida keltirilgan radikal guruhlar boshqacha talqin qilib, dindor qatlamni “radikal”ga chiqarib, oʻzlarini liberal deb nomlagan holda dunyoviy davlat tushunchasi va tamoyilini anglamagan tarzda turli iddaolarni koʻtarmoqda.

Dunyoviylikning asosiy ikkita maqsadi mavjud boʻlib, bularning birinchisi jamiyatdagi har xil konfessiya va diniy qarashlarga mansub shaxslarning qonun oldida tengligi, ikkinchisi esa hech qaysi bir diniy qatlam qonun tomonidan diskriminatsiya qilinmasligi belgilangan.

Ammo, yuqorida aytganimizdek, dindorning diniga eʻʻtiqod qilishini “radikallashuv” deb nomlayotganlar aslida jamiyat uchun real tahdid tugʻdirishmoqda.

Masalan, Frantsiyada “sekulyar (dunyoviy) radikallik” atamasi paydo boʻldi. Bu hukumat tomonidan diniy qatlamga nisbatan qabul qilingan taqiqlar bilan bogʻliq. Xususan, 2004 yil 15 mart kuni frantsuz maktablarida oʻquvchi qizlarning roʻmol oʻrab kelishiga taqiq, 2011 yilda jamoat joylarida ibodat marosimlarini qilishga taqiqlar jamiyatda radikalizm kuchayishiga, “sekular radikallik”ning rivojlanishiga hamda dindorlarning huquq va erkinliklari buzilishiga olib keldi. Buning natijasida hukumatga qarshi koʻplab noroziliklar yuzaga keldi[2].

Hozirgi huquq olimlari, jumladan Raymon Veks, Fredrik Jadson, Genri Jorj Takker va yana boshqalar sekulyarizm printsipining davlatlar tomonidan xato talqin qilinishi, dunyoviylik davlat boshqaruvi deganda diniy erkinliklarni cheklash kabi tushunchalar olgʻa surilayotgani tashvishli holat ekanligini taʻʻkidlashmoqda. Yaʻʻni “sekulyar radikallik” dinni batamom davlat va jamiyat hayotidan ajratishga intilish hisoblanadi. Va buni biz yuqorida keltirgan ayrim shaxslarning iddaolarida koʻrishimiz mumkin.

“Sekulyar radikallik” quyidagilari hisoblanadi:

1. Diniy belgilarga nisbatan qattiq cheklovlar:

Jamoat joylarida, maktablar va hukumat muassasalarida diniy kiyimlarni kiyish va ramzlardan foydalanishni taqiqlash.

2. Diniy taʻʻlimni cheklash:

Davlat maktablarida diniy taʻʻlim berishni taqiqlash va oʻquv dasturlaridan diniy mazmunni olib tashlashga undash.

Diniy maktablarni dunyoviy taʻʻlim standartlariga rioya qilishga majburlash.

3. “Dunyoviy qadriyatlar”ni targʻib qilish:

Diniy qadriyatlarga zid boʻlgan “qadriyatlar”ni, jumladan LGBT, feminizm, “yalangʻoch” kunlar, diniy muqaddasotlarni tahqirlash va boshqalarni faol targʻib qilish.

Ommaviy axborot vositalari, sanʻʻat va taʻʻlim orqali jamiyatni axloqsizlikka chaqirish, dindor qatlamga diniy maʻʻlumotlarni olishni cheklash va boshqalar[3].

Bularning natijasida jamiyatda dindor boʻlgan iqtisodchi, texnik, injener, shifokor, oʻqituvchi va boshqalarni ommatan oʻsha yurt va jamiyatni tark etishiga olib kelishi, bu esa, oʻz navbatida, davlatni inqirozlar hamda ijtimoiy muammolarga etaklashi aniq boʻladi.

Bu jamiyatda juda katta diniy “ochlikni”, aynan oʻsha qoʻrqib turilgan haqiqiy “radikalizm”ning kuchayishiga ham sabab boʻlishi, eng xatarlisi, jamiyatda noroziliklarga va qadriyatlarni keskin ravishda buzilishiga olib kelishi mumkin.

Shuning uchun dunyoviylik (sekulyarizm)ni qoʻllash va talqin qilishda oʻsha jamiyat va davlatning tarixiy, madaniy va ijtimoiy jihatlarini inobatga olgan holda ish tutish lozim boʻladi.

Bularni aksini qilgan toʻliq sekulyar boʻlgan Frantsiya davlatining xatosidan oʻrnak olish lozim. Taqiqlar bilan emas, huquqlar bilan dunyoviylik printsipini jamiyatga taqdim qilish kerak.

Jamiyatni asossiz qoʻrqitishlar, diniy rasm-rusumlarga boʻlgan taqiqlar, diniy taʻʻlim muassasalari va ibodatxonalarni yopish – bularning barchasi aynan dunyoviylik printsiplariga zid qarorlar hisoblanadi. Fikrimizcha, jamiyatda dindorlardan emas, radikal islomofoblardan qoʻrqish, ularni nazorat qilish, aynan ularning faoliyatiga chek qoʻyish fursati etdi! Ular tomonidan aytilayotgan har bir iddaoning ilmiy dalilini soʻrash vaqti keldi! Millatni va jamiyatimizni, Oʻzbekistondek tinch oʻlkamizni butun tarix mobaynida faqatgina yuksaltirgan diniy muqaddasotlarini himoya qilish vaqti keldi!



[1] Kosmin, Barry A. Contemporary Secularity and Secularism. / Secularism & Secularity: Contemporary International Perspectives. Ed. Barry A. Kosmin and Ariela Keysar. Hartford, CT: Institute for the Study of Secularism in Society and Culture (ISSSC), 2007

[2] https://interaffairs.ru/news/show/15419

[3] Beyleveld, D. and Brownsword, R. (1986) Law as a Moral Judgement, London: Sweet&Maxwell.