21.06.2025 14:32
76

Tavbaning ahamiyati: insondan mutlaq begunoh boʻlish talab etilmaydi

Insonning xatokor maxluqot ekanligi nafs tarbiyasining haqiqatlaridan biri sanaladi. Adashish uning tabiatida bor va bu xislat uning tomirlarida qoni bilan birga aylanib yuradi. Alloh taolo hech kimdan mutlaq begunoh boʻlishni talab qilmagan. Aksincha, Alloh insondan, agar xato qiladigan boʻlsa, toʻgʻrilik tomon qaytishini, tavba qilishini istaydi.

 

Yaъni, inson kutilmaganda bir xatoga yoʻl qoʻysa, shu zaylda davom etmasligi kerak. Agar oyogʻi qoqilib yiqilsa, yana oʻrnidan turishi va ustiga qoʻngan gʻuborni ketkazishi lozim. Shu tariqa erishish istagida boʻlgan gʻoyasiga eltuvchi yoʻlini yana qayta bino qilishi kerak.

 

Insonning nafsi ham uning jismiga oʻxshab ketadi. Ikkalasi ham doimiy poklanishga muhtoj. Er yuzidagi muhit insonning jismini chang-gʻubor bilan kirlatgani va inson oʻz badanining sogʻligʻi uchun bu narsalarni oʻzidan aritib borgani kabi nafs ham oʻziga zarar beradigan, yomon ishlarga, fitnalarga yaqin turishni istaydi va bu narsa uni takror-batakror tavba qilishga, gunohning izini daf qilishga muhtoj holga keltiradi.

 

Qurъoni karim ham shu narsaga ishora qilib shunday deydi: “albatta, Alloh koʻp tavba qiluvchilarni va poklanuvchilarni sevadi”, (Baqara surasi, 222 oyat).

 

Jumladan paygʻambar sollallohu alayhi va sallam ham har lahza tavbalarini yangilar va shunday der edilar: “Allohga tavba qilinglar. Men ham kunda yuz marta Unga tavba qilaman”.

 

Alloh taolo Qurъonda Sulaymon alayhissalom haqlarida ham shunday deydi: U qanday ham yaxshi banda! Albatta, u sertavbadir”, (Sod surasi, 30 oyat).

 

Shuni taъkidlash joizki, agar zararli, yomon hislar qalbni chulgʻab olsa va ketma-ket kelayotgan fitnalardan xoli boʻlolmasa va bu holat shu zaylda davom etadigan boʻlsa, u zulmat qorongʻuligiga tutilib qoladi. Bundan keyin tavbaning nuri ham bu qorongʻulikni teshib oʻtolmasligi mumkin. Bunday qalbdan iymon asta-sekin uzoqlasha boshlaydi. Axiyri qalb iymon halovatini his qilmay qoʻyadi va oʻzini johiliyat hayotiga mahkum qiladi.

 

Alloh taolo bu toʻgʻrida Qurъonda shunday deydi: “Yoʻq! Kim yomonlik kasb qilsa va uni xatolari qurshab olgan boʻlsa, ana oʻshalar olov sohiblaridir. Ular unda mangu qoluvchidirlar”, (Baqara surasi, 81 oyat).