“Roʻzalar bilan charchamayapsizmi?..”
Har lahzasi rahmat, barakot va magʻfirat nurlariga choʻmgan muborak kunlardamiz. Ramazon — haqiqiy moʻmin-musulmon uchun oʻttiz kunlik bayram. Yoshi katta birodarlarimiz hol-ahvol soʻrashayotib “Ulugʻ ayyomlaringiz muborak boʻlsin!” deb qutlaydilar. Shu qutlovdan ham Ramazon oyining qadr-qiymati va masъuliyatini anglash qiyin emas. Shukrki, yildan yilga roʻzadorlar, ibodatga kirishayotganlar karvoni ortib bormoqda. Ayniqsa, roʻza ibodatining tobora yosharib borayotgani, roʻzadorlar safida yoshlar, hatto yosh bolalarning koʻpligidan koʻngilu koʻz quvnaydi. Shu oʻrinda haqli mulohaza oʻrtaga chiqadi; roʻza ibodatiga kirishayotgan har bir moʻmin bu ibodatning mazmun-mohiyati va masъuliyatini anglab etayotirmi? Roʻza xolis Alloh uchun, ruh va badan tarbiyasi, gunohlardan tiyilish va poklanish uchun farz qilingan ibodat ekanligini bilamizmi?
Roʻzaning mashruъ qilinishi haqida quyidagicha rivoyat bor: Alloh aqlni yaratib, unga: "Oldinga oʻgiril", dedi. U oʻgirildi. Soʻng "Orqangga oʻgiril", dedi. Yana oʻgirildi. Keyin Alloh: "Sen kimsan-u Men kimman?" deb savol qildi. Aql: "Sen Rabbimsan, men esa, zaif qulingdirman", dedi. Shunda Alloh aqlga: "Sendan koʻra azizroq maxluq yaratmaganman", dedi. Soʻng Alloh nafsni yaratib unga: "Oldinga oʻgiril", dedi, ammo u itoat etmadi. Shunda Alloh: "Sen kimsan va Men kimman?" dedi. Nafs: "Men menman, Sen Sensan", deb javob qildi. Soʻng Alloh uni yuz yil jahannam oʻtida azobladi. Keyin jahannamdan chiqarib: "Sen kimsanu Men kimman?" dedi. Nafs yana oldingiday javob qildi. Shundan soʻng Alloh uni ochlik olovida yuz yil azobladi. Nafs shundan soʻnggina oʻzining banda ekaniga iqror boʻldi va Rabbiga tazarru qildi. Shu sabab Alloh taolo nafsga roʻzani farz qildi".
Neъmatlar shukrini anglatguvchi ibodat
Alloh taolo Qurъoni karimda shunday marhamat qiladi: “Ey imon keltirganlar! Sizlardan oldingi (ummat)larga farz qilingani kabi sizlarga ham roʻza tutish farz qilindi, shoyad (u sababli) taqvoli boʻlsangiz” (“Baqara” surasi 183-oyat). Shuningdek: “Bas, sizlardan kim bu oyda (oʻz yashash joyida) hozir boʻlsa, roʻzasini tutsin”, oyati ham Ramazon roʻzasining farzligiga dalildir.
Abu Imoma al-Bohiliy roziyallohu anhu aytadilar: Men Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning Hajjatul Vadoъdagi xutbada shunday deganlarini eshitganman: “Allohga taqvo qiling, besh vaqt namozingizni oʻqing, bir oy roʻzangizni tuting, mollaringizning zakotini bering, amirlaringizga itoat qiling, Rabbingizning jannatiga doxil boʻlasizlar” (Termiziy rivoyati).
Demak, roʻza neъmatga shukr keltirish uchun vasiladir. Chunki roʻza neъmatlarning ichida eng qadrlisi va zaruri boʻlmish eyish, ichish va jimoъ qilishdan nafsni tiyish boʻlib, maъlum vaqt oʻzini bu neъmatlardan tiygan kishi uning qadriga eta boshlaydi. Zero, neъmatning qadri undan bebahra boʻlgandagina bilinadi. Bu esa, kishini neъmatga shukr qilishiga sabab boʻladi. Neъmatga shukr qilish ham aqlan va ham sharъan farzdir.
Ruhiy va jismoniy poklanish
Roʻza banda va Rabbining oʻrtasidagi xos ibodatdir. Alloh taolo roʻzaga ajr berish yolgʻiz oʻziga taalluqli ekanini aytdi, yaъni: "Roʻza Mening uchundir. Mukofotini oʻzim beraman". Chunki roʻza boshqa ibodatlar kabi inson koʻzi tushadigan, barcha xabardor boʻladigan amal emas. Uni Allohdan boshqa hech kim koʻra olmaydi. Shu sabab Alloh taolo bu amalning mukofoti yolgʻiz oʻziga taalluqli ekanining xabarini berdi.
Abu Hurayra roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi, Rasululloh sollallohu alayhi vasallam aytdilar: “Har bir narsaning zakoti bor, jasadning zakoti roʻzadir”. Maъlumki, zakotning maъnosi tozalash demakdir. Demak, roʻza tufayli kishi jasadini undagi ortiqcha va zararli moddalardan tozalasa, axloqini zararli odat va xulqlardan tozalab oladi. Chunki aъzolarni gunoh ishlarni qilishdan tiyish roʻza maqbul boʻlishining asosiy shartlaridandir.
Kim roʻzador?
– Roʻzador – tana aъzolarini gunohdan tiygan kishi.
– Tilini yolgʻon, fahsh va soxta narsalardan saqlagan kishi.
– Qornini ovqat va ichimliklardan, farji (jinsiy aъzosi)ni jinsiy qovushishdan saqlagan kishi.
– Agar gapirsa, roʻzasiga jarohat etkazadigan soʻzni soʻzlamaydi.
– Biror ish roʻzasini buzadigan boʻlsa, uni bajarmaydi.
– Soʻzlarining barchasi manfaatli va yaroqli boʻladi.
– Shuningdek, bajargan barcha ishidan shunday ifor taraladiki, suhbatdoshi uning hididan bahramand boʻladi.
– Roʻzador bilan kim birga oʻtirsa, uning suhbatidan manfaat oladi.
– Oʻtirgan kishi soxta, yolgʻon, buzuqlik va zulmdan omonda boʻladi.
Mana shu faqat ovqat va ichimlikni oʻzidangina tiyilinmagan haqiqiy roʻzadir.
Roʻza – aъzolarning gunohdan tiyilishidir.
Qorinning ovqat va ichimlikdan tiyilishidir.
Ovqat va ichimlik roʻzani ochib, buzgani kabi gunohlar ham uning savobidan mahrum qilib, mevasini aynitadi. Oqibatda roʻza tutmaganlar qatoriga qoʻshib qoʻyadi.
Salomatlik uchun foydalari
Tibbiy-ilmiy izlanishlar natijasida roʻzaning turli jismiy va ruhiy kasalliklardan himoya qilishi, ularning oldini olishda foydasi borligi maъlum boʻldi. Masalan:
- roʻza insondagi kasalliklarga qarshi immunitetni kuchaytiradi;
- roʻza tutgan odamda semizlikka qarshi monelik paydo boʻladi;
- roʻza buyrakda toshlar yigʻilishidan saqlaydi;
- roʻza inson jismini va uni toʻqimalarida toʻplanib qoladigan turli zaharli moddalarni tozalashga yordam beradi. Oziq-ovqat, dori-darmon va havo orqali inson jismiga koʻplab zaharli moddalar kirib qoladi. Ana shu moddalar faqat roʻza orqali chiqib ketadi.
Shuningdek:
- semizlikdan kelib chiqadigan qon tomirlarning torayishi, qon bosimining ortishi va yurak kasalliklarini davolashda;
- qon aylanishiga oid kasalliklarni davolashda;
- boʻgʻinlarning surunkali shishini davolashda foydaliligi aniqlangan.
Biz qanday roʻzadormiz?
Imkon qadar roʻzaning maъnaviy –moddiy foydalari haqida maъlumotlar berishga harakat qildik. Endi oʻzimizni bir taftish qilsak, zamondosh. Biz qanday roʻzadormiz? Niyatimiz va amalimiz bilan ibodatimizga putur etkazib qoʻymayapmizmi? Roʻzani xolis Alloh uchun, Uning mukofotidan umid qilib tutyapmizmi? Oʻrganib qolgan tilimiz gʻiybatga ketib ochu tashnalik bilan kunni oʻtkazmayapmizmi? Uyqusizlik, ochlik va chanqoqlik mashaqqati sababli qosh-qovogʻimizni uyib, badjahl, horgʻin holatda yurib roʻzaga iddao qilmayapmizmi? Muborak Ramazon oyida tanish-bilishlar bilan uchrashib qolganda, ijtimoiy tarmoqlarda muloqotda boʻlganimizda bir-birimizdan “Roʻzalar bilan charchamayapsizmi?” deb hol soʻraymiz. Ramazonga, roʻzaga malomat qilinayotgandek emasmikan bu mehribonchiligimiz? Iftorlik qilish iddaosi bilan bolalarimizning rizqidan qiymayapmizmi? Savobni uzoqdan izlab, shundoq yonginamizda turgan ikki dunyoimizni obod qilishga etgulik savobdan bebahra qolmayapmizmi? Har kuni saharlikda “Xolis Alloh uchun Ramazon oyi roʻzasini subhdan to kun botgungacha tutmoqni niyat qildim. Alloh Buyukdir!” deya tilda niyat qilib, amalimiz bilan uni inkor qilmayapmizmi? Roʻza ibodatini urf, parhez va yana allaqanday “avtoritet”lar uchun tutishga oʻzimizni majburlamayapmizmi? Mulohaza qiling, zamondosh, roʻzadan maqsad — taqvo. Ochu yalangʻochlar, muhtoju miskinlar holini his etish bilan neъmatlarga shukrona aytish va iymon lazzati, ibodat halovatidan bahramandlik bilan Allohga yaqin boʻlishdir roʻzaning asl mohiyati. Biz uni qanday tushunyapmiz va nechogʻli ado eta olyapmiz?
Bu savollarga duch kelganida oʻzidan, vijdonidan uyalmaganlarga, qalbi va Robbisining huzurida yuzi yorugʻlarga Ramazon halovati bardavom boʻlsin! Roʻzaning iymoniy lazzati ikki dunyoda sizni tark etmasin!
Umida ADIZOVA