11.03.2025 05:00
Ramazonning ikkinchi oʻn kunligi: Gʻanimat kunlarni samarali oʻtkazish rejasi
Mana, Ramazonning birinchi oʻn kunligi ham hash-pash deguncha oʻtib ketdi. Koʻz ochib-yumguncha ikkinchi oʻn kunlik ham ortimizda qoladi. Shu boisdan imkon qadar bu kunlarning qadriga etib, ularni foydali amallar bilan oʻtkazish har bir musulmon uchun muhimdir. Umid qilamizki, quyidagi tavsiyalar va kunlik reja bu davrni samarali oʻtkazishingizga yordam beradi.
Ikkinchi oʻn kunlikning fazilati
Ramazonning ikkinchi oʻn kunligi kechirim soʻrash va gunohlardan tozalanish uchun ajoyib imkoniyatdir. Rasululloh (sollallohu alayhi vasallam) "Ramazonning birinchi oʻn kunligi rahmat, ikkinchisi magʻfirat, uchinchisi doʻzaxdan qutulishdir", deb marhamat qilganlar. Shu sababdan bu kunlarda Allohning magʻfiratga boyligini his qilib, koʻproq istigʻfor aytish lozim.
Ikkinchi oʻn kunlik uchun kunlik reja
1. Bomdod va saharlik
Saharlikni tark etmaslik.
Bomdod namozini jamoat bilan oʻqish.
Bomdoddan keyin 15-20 daqiqa davomida Qurъon tilovat qilish.
2. Ertalabki vaqt
Ish yoki boshqa faoliyatdan oldin 10 daqiqa istigʻfor aytish.
Kun davomida qilinadigan amallarni rejalashtirish.
Ramazon haqida bir necha sahifa kitob mutolaa qilish.
3. Tushgacha boʻlgan vaqt
Zuho namozini ado etish.
Solih roʻzador boʻlish uchun tilni gʻiybatdan va behuda soʻzlardan tiyish.
Sadaqa berish yoki hech boʻlmasa, muhtojga yordamlashish.
4. Peshindan keyin
Peshin namozini oʻqib, ortidan bir necha daqiqa zikr va duo qilish.
Yana Qurъondan bir qism oʻqish.
Islomiy ilmlarni oʻrganish uchun bir muddat ajratish.
5. Asrdan keyin
Asr namozini ado etish.
Biroz dam olish yoki ijtimoiy foydali faoliyat bilan shugʻullanish.
Muhtojlar haqqiga duo qilish.
6. Iftor va shomdan keyin
Iftorni Paygʻambarimiz sunnatlariga mos tarzda ochish (xurmo yoki suv bilan).
Shom namozini oʻz vaqtida ado etish. Imkon topib, avvabin namozini ham oʻqish.
7. Xufton va tungi vaqt
Xufton va taroveh namozlarini jamoat bilan oʻqish, Qurъoni karim hatmida qatnashish. Ortidan istigʻfor, zikr va duolar.
Qadr kechalari yaqinlashib qolganini his qilib, duolarni koʻpaytirish.
Ikkinchi oʻn kunlikda koʻproq amal qilish kerak boʻlgan ishlar
Koʻproq istigʻfor va tavba – Kun davomida "Astagʻfirulloh" kalimasini takrorlash.
Qurъon oʻqish – kamida 1-2 juz oʻqishga harakat qilish.
Muhtojlarga yordam – sadaqa berish yoki kambagʻallarga oziq-ovqat tarqatish.
Savobli ishlarga chorlash – yaqinlaringizni yaxshi amallarga targʻib qilish.
Ota-ona va qarindoshlar haqiga duo qilish – ular bilan aloqa oʻrnatish, hurmatini joyiga qoʻyish.
Xulosa
Ramazonning ikkinchi oʻn kunligi ilohiy magʻfiratga erishish uchun katta imkoniyatdir. Bu kunlarni behuda oʻtkazmaslik, koʻproq ibodat, istigʻfor va yaxshiliklar qilish lozim. Har kuni reja asosida amal qilib, oʻzingizni ruhan va maъnan yuksaltirishga intiling!