05.06.2025 17:43
168

O'lja tushadi


Bugun Arafa! Bu kunda duo mustajob boʻladi.. Ehtiyojmand, gʻam-gʻussaga botgan va orzu-umid egalari uchun umidbaxsh bir kundir .. Bu soniya va daqiqalar oltinga teng.. Duo qilishga shoshilaylik..
Salaf solih ulamolarimiz aytishadi: "Ehtiyojlarimizni Arafa kuniga jamlab qoʻyar edik. Chunki, biz bu kunda duolar ijobat boʻlishiga qattiq ishonar edik"..
Maъlumingizkim, Alloh taoloning ijobat rahmati har kecha tunning oxirgi uchdan birida er yuziga nozil boʻladi. Ammo, Arafa kunida kunning avvalidan nozil boʻlib, mazlumlarning shikoyati, nochorlarning holatlarini eshitadi va hojatmand har bir moʻminning duosini ijobat qiladi. Gʻamga botgan insonning gʻamini aritadi. Siniq qalblarni tuzatib, kasallarga shifo beradi.. 
Bu soatlarda hayotimizda katta oʻzgarishga qoʻl urib, duolarimiz sababli oʻz qadrimizni belgilay olamiz.. Faqat bir sharti bor — qalbdan duo qilaylik.. Rostgoʻy qalb ila.. Duo qilish asnosidan gunohlar kirligidan poklangan qalb ila.. Qalb Allohga bogʻlangan holda, duoimiz ijobat boʻlishiga ishongan holda duo qilaylik.. 
Umidlarimizni hozirlab, ehtiyojlarimizni jamlab Alloh taboraka va taoloning rahmati nozil boʻlgan paytda izhor qilsak, U Zotni Oʻz ulugʻligiga yarasha ulugʻlasak, ijobat qiladi.. 
Bugun asr namozidan soʻng qiblaga yuzlanib, qoʻllarimizni duoga koʻtarib, qalbdan chiqqan yigʻi ila, tazarruъ ila va goʻyoki dunyodagi oxirgi kunimizdek duo qilaylik! 
Hadisi sharifda keladiki: "Duolarning eng yaxshisi Arafa kungi duodir. Men va mendan oldingi paygʻambarlar aytgan eng yaxshi soʻz "Laa ilaaha illalloh vahdahu laa shariyka lah, luhul-mulku va lahul-hamdu, va huva ъala kulli shayъin qodiyr" dir". (Allohdan boshqa iloh yoʻq. U Zotning sherigi yoʻq. Mulk U Zotgadir, Hamd U Zotgadir. U Zot barcha narsaga qodirdir). 
Savob tarozisiga ogʻir, ammo, tillarimiz uchun engil boʻlgan zikr bor: "Subhanallohi va bihamdihi, subhanallohil Aziym" (Alloh Oʻz zotiga yarasha hamdga loyiq va pokdir. Ulugʻ Alloh barcha narsadan pokdir).
Ushbu duolarni koʻp-koʻp takror qilaylik.
Shu oʻrinda bir iltimosimiz bor: duolaringizda Ustozimiz Mubashshir Ahmad domlani ham unutmang, bugundek qutlugʻ damlar hurmati, duosi maqbul insonlar hurmati, koʻpchilikning duosi hurmati ustozimizni tez orada ozod boʻlishlarini, yana koʻp yillar dinimiz va millatimiz xizmatida bardavom boʻlishlarini Alloh taolodan yolvorib soʻrang!..

Mavzuga aloqador