23.05.2025 19:30
762
Alloh va Rasuliga urush ochish, eng kichigi onasi bilan zino qilishga teng gunoh: ribo
Bugun kredit olish shunchalik osonlashdiki, ikki daqiqada jozibali shartlarda foizga pul olishingiz mumkin: hech qanday garovsiz, kafilsiz, kam foizga va uzoq muddat toʻlashga. Qanday yaxshi, shuncha muammolaringizga bir lahzada echim! Ammo...
Alloh taolo bandalariga halol va pok rizq topishni buyurgan. Bugungi kunda esa koʻplab insonlar, hatto tuppa-tuzuk musulmonlar bilib-bilmasdan, riboning haqiqiy maъnosini tushunmasdan yoki eъtiborsizlik sababli unga aralashib qolayotir. Ayniqsa, internetda keng tarqalgan “boʻlib toʻlash” xizmatlari, onlayn savdo platformalarida taklif etilayotgan turli qulay toʻlov shartlari, kreditlash tizimlari insonni koʻzga koʻrinmas holda ribo girdobiga tortmoqda. Odamlar ayniqsa bu borada kelishuv shartlarini oʻqimay, «foizsiz ekan, demak shariatga zid emas» degan gumon bilan har xil kelishuvlarga qoʻl qoʻymoqda. Ammo aynan shu «boʻlib toʻlash» yoki “qarzga olib keyin qaytarasiz”, "bir oyga foizsiz kredit" (aslida bir oy ichida qaytarilmasa, foiz tugʻishni boshlaydi) kabi shartlar ortida fiqhiy jihatdan riboning zamonaviy koʻrinishlari yotgan boʻlishi mumkin.
Ha, Rasululloh sollalohu alayhi vasallamning qiyomatga yaqin: «Ribo emagan kishi qolmaydi, agar emagan boʻlsa ham, uning changidan unga etadi» (Musnad Ahmad, 10739) degan gaplari bugun tevarak-atrofimizda oʻz aksini topmoqda
Bugun shunday zamonda yashayapmizki, hatto musulmon mamlakatlarda ham riboga asoslangan iqtisodiy tizim keng tarqalgan. Koʻplab insonlar oʻzlari ham tushunmagan holda “bank kreditlari”, “lizing” va “qarz qaytarishda ustama” kabi muomalalarga aralashib qolayotir. Bu esa shariatda qattiq taъqiqlangan gunohlar qatoriga kiradi.
Shu bilan birga, koʻpchilik moddiy qiyinchilikdan chiqish maqsadida foizli kreditlarga murojaat qilmoqda. Birinchi qarzni toʻlay olmagan inson ikkinchi kredit olishga majbur boʻlyapti. Shu tariqa inson qarz ustiga qarz bilan yashaydigan, har oy maoshining katta qismini foizga toʻlaydigan boʻlib qolmoqda. Natijada turmushi izdan chiqqarlar, xonadonida tinchlik-xotirjamlik yoʻqolganlar koʻpaymoqda, juftlar orasida janjallar koʻpayib, oqibatda oilaviy ajralishlar ham sodir boʻlmoqda. Koʻp hollarda riboga botgan kishilar uy-joylarini yoʻqotib, ijaraga muhtoj holga tushib qolishmoqda. Bu faqat dunyodagi oqibatlar, oxiratda esa undan-da ogʻir azoblar bor.
Alloh taolo Qurъoni karimda bunday ogohlantiradi: «Ey moʻminlar! Allohdan qoʻrqinglar va agar haqiqiy moʻminlar boʻlsangiz, ribodan qolgan narsani tashlanglar. Agar shunday qilmasangiz, u holda Alloh va Rasulidan urush eъlon qilinganini bilib qoʻyinglar» (Baqara surasi, 278–279). Bu oyat musulmonni ribodan uzoq boʻlishga daъvat qiladi. Chunki ribo faqat iqtisodiy emas, balki aqidaviy va axloqiy muammo hamdir. Chunki ribo insonni Allohga suyanmaslikka, dunyo molini asosiy maqsad qilib olishga, halol-haromni farqlamaslikka olib keladi.
Ribo insonning qalbini qattiqlashtiradi, muhtojlarga yordam berish hissini yoʻqotadi, moddiy manfaatni ustuvor qiladi. Holbuki, Rasululloh sollallohu alayhi vasallam halol savdo va sadaqa orqali rizq izlashni buyurganlar. Riboga botish esa nafaqat halol rizqni barbod qiladi, balki harom boylikning insonga beradigan zarari juda katta.
Bundan tashqari, Rasululloh sollallohu alayhi vasallam aytdilar: «Ribo etmishdan ortiq turga ega. Ularning eng engili inson oʻz onasi bilan zino qilganga teng» (Ibn Moja, 2274; Mustadrak Hokim, 2259 – hadis hasan).
Qurъonda shunday deyiladi: «Alloh riboni yoʻqotadi, sadaqani esa ziyoda qiladi» (Baqara, 276). Yaъni ribo orqali olingan boylikda baraka boʻlmaydi, Alloh uni yoʻqotadi, gunohi esa qoladi. Ammo sadaqa qilgan shaxsning molini Alloh ziyoda qiladi va baraka beradi.
Bunday ogʻir xatolardan saqlanish uchun musulmon inson oʻz moliyaviy muomalalarini shariat mezonlari asosida tartibga solishi lozim.
Shuningdek, quyidagi tavsiyalarga amal qilish foydali boʻladi:
1. Har qanday moliyaviy shartnoma yoki kelishuvga qoʻl qoʻyishdan avval uning sharъiy jihatdan toʻgʻriligini oʻrganing. Zarur boʻlsa, ishonchli ulamolardan soʻrang.
2. Sizga taklif etilayotgan boʻlib toʻlash, kredit, lizing kabi toʻlov tizimlarining islomiy moliya qoidalariga toʻgʻri kelishini tekshiring.
3. Faqat halol yoʻllar bilan rizq topishga harakat qiling, qiyinchilikka sabr qiling, ammo turli bahonalar bilan aslo riboga qadam qoʻymang. Zero kredit xech qachon echim boʻlmagan, aksincha, u yanada katta muammolar sababchisidir.
4. Ribo bilan bogʻliq har qanday daromadni rad eting, agar oldin riboga aralashgan boʻlsangiz, istigʻfor aytib, imkoni boricha undan tezroq qutiling.
5. Xarid qilishda haqiqiy ehtiyojni aniqlab oling, ortiqcha qarz olishga oʻrganmang.
6. Qanoat va sabr qiling, zero ular insonning eng katta boyliklaridir.
7. Allohga tavakkul qiling va sadaqa, zikr va duo orqali roʻzgʻorga baraka soʻrang.
Alloh taolo barchamizga halol rizq bilan roʻzgʻor topishni nasib qilsin, ribo kabi ogʻir gunohlardan nafsimiz va avlodlarimizni asrasin. Amin.