09.12.2024 09:35
476
Uy qamogʻidagi shaxslarni elektron braslet orqali nazorat qilish tartibi tasdiqlandi
Vazirlar Mahkamasida 5 dekabrʻ kuni «Uy qamogʻi ehtiyot chorasi qoʻllangan va ozodlikni cheklash jazosi tayinlangan shaxslarni elektron braslet orqali masofadan turib nazorat qilish tartibi toʻgʻrisidagi nizomni tasdiqlash haqida»gi qaror qabul qilindi.
Unga koʻra, 2025 yil 1 yanvardan boshlab uy qamogʻi ehtiyot chorasi qoʻllangan hamda ozodlikni cheklash jazosi tayinlangan shaxslarning ehtiyot chorasi va jazoni ijro etish joyida boʻlishini real vaqt rejimida masofadan turib nazorat qilish tartibi amaliyotga bosqichma-bosqich joriy etiladi.
Elektron braslet uy qamogʻi ehtiyot chorasi qoʻllangan yoki ozodlikni cheklash jazosi tayinlangan shaxs oyogʻiga taqiladi. Shaxs oyogʻiga elektron brasletni taqish imkoniyati mavjud boʻlmagan hollarda (suyak sinishi, boshqa jarohatlar bilan tibbiy muolaja koʻrsatilgan va boshqalar) qoʻl qismiga taqilishiga ruxsat etiladi.
Nizom:
• elektron braslet taqilishi belgilangan shaxslarning huquqlari va majburiyatlari;
• elektron braslet orqali masofadan turib nazorat qilish tartibini buzish uchun javobgarlik;
• elektron brasletga shikast etkazilganda yoki yoʻqotilganda moddiy zararni undirish tartiblari bilan bogʻliq munosabatlarni tartibga soladi.
Sudning uy qamogʻi tarzidagi ehtiyot chorasini qoʻllash toʻgʻrisidagi ajrimi nusxasi Elektron jinoiy-huquqiy statistika axborot tizimi orqali «Elektron braslet» axborot tizimiga yuboriladi.
Sudning ajrimi nusxasi kelib tushgan vaqtdan boshlab bir ish kuni ichida tuman (shahar) ichki ishlar organi boshligʻining yozma topshirigʻi asosida «Elektron braslet» axborot tizimida ijrochi xodimlar belgilanadi.
Tuman (shahar) ichki ishlar organi probatsiya boʻlinmasi boshligʻining ozodlikni cheklash jazosi tayinlangan shaxsni elektron braslet orqali masofadan turib nazorat qilish toʻgʻrisidagi qarori «Elektron braslet» axborot tizimida rasmiylashtiriladi.
Elektron brasletni quyidagi shaxslarga qoʻllash mumkin emas:
• 18 yoshga toʻlmagan shaxslar;
• homilador ayollar;
• 3 yoshga toʻlmagan bolalari bor ayollar;
• I yoki II guruh nogironligi boʻlgan shaxslar;
• tibbiy koʻrsatmaga koʻra elektron brasletni taqish tavsiya etilmaydigan shaxslar (implant qilingan kardiostimulyator oʻrnatilgan shaxslar, yuqumli teri kasalligi (allergo kontakt dermatit, teri zamburugʻi yoki qichima kasalligi) boʻlgan shaxslar).
Uy qamogʻi ehtiyot chorasi qoʻllangan yoki ozodlikni cheklash jazosi tayinlangan shaxsning familiyasi, ismi, otasining ismi, jinsi, tugʻilgan yili, jismoniy shaxsning shaxsiy identifikatsiya raqami (JShShIR), elektron braslet taqilgan vaqt, elektron brasletning individual raqami, ijrochi xodimlarning familiyasi, ismi, otasining ismi va telefon raqami «Elektron braslet» axborot tizimida qayd etiladi.
Elektron brasletning korpusida shikastlanish yoki nosozlik aniqlanganda yoki elektron braslet yoʻqotilganda, ijrochi xodimlar zudlik bilan tuman (shahar) ichki ishlar organi boshligʻiga bu haqda yozma axborot beradi.
Tuman (shahar) ichki ishlar organi boshligʻining yozma topshirigʻi asosida elektron brasletning shikastlangani, nosoz holatga kelgani yoki yoʻqotilgani sabablari va shart-sharoitlarini oʻrganish boʻyicha tekshiruv oʻtkaziladi.
Tekshiruv natijasiga muvofiq:
• ijrochi xodimlar tomonidan elektron brasletga shikast etkazilgani yoki yoʻqotilgani holati aniqlangan taqdirda, ularga nisbatan moddiy javobgarlik choralari qoʻllaniladi;
• elektron brasletga uy qamogʻi ehtiyot chorasi qoʻllangan yoki ozodlikni cheklash jazosi tayinlangan shaxs qasddan shikast etkazgani aniqlangan hollarda, etkazilgan moddiy zararning oʻrni ushbu shaxs tomonidan qoplanishi taʻʻminlanadi.
Etkazilgan moddiy zararning miqdori tekshiruv xulosasida belgilanadi. Tekshiruv xulosasi ijrochi xodimlar va uy qamogʻi ehtiyot chorasi qoʻllanilgan yoki ozodlikni cheklash jazosi tayinlangan shaxsga tilxat olish yoʻli bilan eʻʻlon qilinadi.
Uy qamogʻi ehtiyot chorasi qoʻllangan yoki ozodlikni cheklash jazosi tayinlangan shaxs moddiy zararning oʻrnini bir oy muddat ichida qoplamasa, ushbu zarar sud tartibida undiriladi.
Avvalroq Kriminologiya tadqiqot institutida uy qamogʻi ehtiyot chorasi va ozodlikni cheklash jazosi tayinlangan shaxslarni masofaviy nazorat qilishga moʻljallangan metodika, elektron braslet qurilmasi va dasturiy taʻʻminot ishlab chiqilgani haqida xabar berilgandi.