17.05.2025 09:48
141

Turkiya va Oʻzbekiston kelishuvlar paketini imzoladi

Toshkentda Turkiya va Oʻzbekiston oʻrtasidagi Hamkorlikdagi iqtisodiy komissiyaning sakkizinchi yigʻilishi boʻlib oʻtdi. 8-muddat uchun Protokol Turkiya vitse-prezidenti Jevdet Yilmaz va Oʻzbekiston bosh vaziri oʻrinbosari, iqtisodiyot va moliya vaziri Jamshid Qoʻchqorov ishtirokida imzolandi.

Rasmiy qismdan avval Yilmaz va Qoʻchqorov tor doirada uchrashib, soʻngra delegatsiyalar ishtirokida kengaytirilgan muzokaralar oʻtkazdi.

Yigʻilish yakunlangach, ikki tomonlama hujjatlarni imzolash marosimi boʻlib oʻtdi. Turkiya va Oʻzbekiston hamkorlikni bir nechta yoʻnalishda rivojlantirish boʻyicha kelishib oldi. Jami oltita hujjatga imzo chekildi. Ular orasida Turkiya Sanoat va texnologiyalar vazirligi bilan Oʻzbekiston Iqtisodiyot va moliya vazirligi oʻrtasidagi oʻzaro anglashuv memorandumi ham bor.

Shuningdek, Turkiya davlat xaridlari boshqarmasi hamda Oʻzbekiston Iqtisodiyot va moliya vazirligi oʻrtasida davlat xaridlari sohasida hamkorlikni rivojlantirishga doir memorandum hamda alohida dastur imzolandi.

Turkiya Savdo vazirligi bilan Oʻzbekiston Investitsiyalar, sanoat va savdo vazirligi oʻrtasida savdo-iqtisodiy aloqalarni kengaytirishga oid memorandum tuzildi. Shuningdek, Turkiya Savdo vazirligi hamda Oʻzbekiston Raqobatni rivojlantirish va isteъmolchilar huquqlarini himoya qilish qoʻmitasi oʻrtasida isteъmolchilar huquqlarini himoya qilish sohasida hamkorlik boʻyicha kelishuvga erishildi.