27.01.2025 17:51
588
Turk tili Kosovoda rasmiy maqom oldi
Kosovoning Liplyan munitsipaliteti turk tiliga rasmiy maqom berish toʻgʻrisida tarixiy qaror qabul qildi. Bu tashabbus Kosovo Demokratik Turk Partiyasi (KDTP) deputati Enis Kervan tomonidan taklif qilindi va shahar kengashi tomonidan bir ovozdan maʻʻqullandi.
Liplyan turk tilini rasmiy til sifatida tan olgan Kosovodagi uchinchi munitsipalitetga aylandi. Undan avval Prizren va Mamusa munitsipalitetlarida ham turk tili rasmiy maqomga ega edi. Bundan tashqari, Prishtina, Gnilane va Mitrovitsa kabi boshqa hududlarda turk tili rasmiy foydalanish tili sifatida qoʻllanadi.
Qaror turk ozchiligining huquqlarini mustahkamlash va Kosovoda madaniy xilma-xillikni saqlashga qaratilgan. Kosovo qonunlariga koʻra, har qanday til, soʻzlashuvchilar sonidan qatʻʻi nazar, agar u anʻʻanaviy ravishda qoʻllanib kelingan boʻlsa, rasmiy maqomga ega boʻlishi mumkin. Biroq bu tildan majburiy foydalanishni talab qilmaydi, balki uni rasmiy ishlatish uchun shart-sharoit yaratishni koʻzda tutadi.