25.01.2025 06:00

Toshkentda yangi qurilgan masjid buzildi: shahar bedarvozami?

Toshkentda yangi qurilgan masjid buzildi: shahar bedarvozami?

Aslida aholisining 96 foizi musulmon boʻlgan Oʻzbekistonda har qadamda masjid boʻlishi, biror zarurat yuzasidan koʻchada yurgan vatandoshlar namoz oʻqishda biror muammoga duch kelmasligi kerak. Masalan, Istanbulda musulmonlar uchun xuddi shunday sharoit mavjud. Afsuski mamlakatimiz, shu jumladan, poytaxt Toshkent haqida bunday deya olmaymiz. Oʻrislar bosib olganidan soʻng koʻhna Shoshdagi qanchadan-qancha masjid-u madrasalar vayronaga aylantirilgani rost. Biroq bugun ham aholisiga nisbatan namozxonalari kam boʻlgan poytaxtimizdagi biror masjidning buzilishini hazm qilib boʻlmaydi. 

Mana bir misol, Toshkent shahar Shayxontohur tumani General Uzoqov koʻchasida hashar yoʻli bilan bunyod etilgan Imom Buxoriy nomidagi masjid buzib tashlandi. Paradigma nashrining , mazkur hududda yashovchi fuqarolar holat boʻyicha sudga murojaat qilgan. Biroq negadir sud 29 yanvarga qoldirilgan.

Jonkuyar murojaatchilarga koʻra, shu atrofda istiqomat qiluvchi aholi tugul, kunora namozgohga chiqib, dardini Yaratganga aytadigan qariyalarni ham pisand qilmagan vallomatlar masjidbuzarlikni 2024 yilning noyabrida boshlagan. Hattoki ular masjiddagilarga hujjat koʻrsatishni ham oʻziga ep koʻrmagan. Musulmonlar diyorida hech narsadan hayiqmay musulmonlarning muqaddas minorlarini buzayotganlar Xudoga ham xush kelmaydigan bu ishlariga qarshilik qilganlarni hatto qoʻrqitishgacha borishgan...

"Ular masjidni buzish uchun biror asosli hujjat koʻrsatishmadi: 27 noyabrdan 13 dekabrgacha xalq tilida aytganda vahshiylarcha masjidni vayron qilib, undagi narsalarni talon-taroj qilib, tashmalab ketishdi. Yoshi kattalarning ham gap-soʻzlariga quloq solishmadi", deydi mahalliy aholi vakillaridan biri.

Murojaatchilarning soʻzlarini tinglagan har bir zakiy inson bu ishning ortida albatta qaysidir koʻrinmas "uzun qoʻl" turmaganmikin deb oʻylay boshlaydi. Kim boʻlganida ham, he yoʻq, be yoʻq buyuk bobomiz Imom Buxoriy nomidagi muqaddas maskanni toptashga jazm qilayotganlar shu xalqning farzandimikin?! Qaysidir sionist yoki dahriyning avlodi boʻlganida ham unga musulmonlarning muqaddas goʻshalarini toptashga kim huquq berdi? Orada sarson boʻlayotgan aholi choʻntagidan uning qadr qimmatini, huquqlarini himoya qilaman deb millionlab pulni maosh sifatida olayotgan masʻʻullar qayoqqa qarayapti? Nahotki shunday katta shaharning darvozasi boʻlmasa?!

Yaxshilab oʻylab koʻrilsa, bugun qandaydir bahonalar bilan Oʻzbekistondagi yaroqli masjidlarni buzadigan ahvolda emasmiz. Inson qadri ustun boʻlgan har qanday jamiyatda eʻʻtiqod erkinligi taʻʻminlanishi joiz. Shu bilan birga musulmonlarning oʻz ibodatlarini qiynalmay ado etishi uchun sharoit yaratib berish hukumatning vazifasidir.  

Yuqorida bejizga Turkiyadagi vaziyatga nazar tashlamadik. Turkiya Statistika instituti maʻʻlumotlariga koʻra, mamlakatning birgina Kastamonu viloyatida har 145 kishiga bitta masjid (jami – 2605 ta) toʻgʻri kelmoqda. Samsunda esa 497 kishiga bitta, jami 2751 ta masjid mavjud. Konyada har 705 kishiga bitta, jami 3255 ta masjid bor. Qiziq tomoni, butun Oʻzbekiston boʻyicha masjidlar soni, Masjid.uz maʻʻlumotlariga suyanadigan boʻlsak 2043 tani tashkil etmoqda. Bundan aholisining aksar qismi musulmon boʻlgan Oʻzbekistondagi masjidlar soni Turkiya viloyatlaridagi masjidlarga taqqoslaganda ham kamligi maʻʻlum boʻladi. Endi ayting, bugun baʻʻzi vallomatlarning tuppa tuzuk ishlab turgan masjidlarni buzishi qanchalik toʻgʻri?

Mavzuga aloqador