29.11.2024 09:00

Toshkent viloyatida 150 mln dollarlik oʻzbek-turk sanoat zonasi ishga tushdi



Toshkent viloyatining Zangiota tumanida 100 gektar maydonda Ostim oʻzbek-turk sanoat zonasi ishga tushirildi. Ushbu loyihaning qiymati 150 mln dollarni tashkil etib, hududda savdo markazi, poliklinika, maktab, mehmonxona, tadqiqot va sertifikatlash boʻyicha ilmiy markaz hamda ishlab chiqarish korxonalari uchun zarur kasblarga oʻrgatadigan kasb-hunar kolleji kabi ijtimoiy obʻʻektlar qurilishi rejalashtirilgan.


28 noyabrʻ kuni Toshkentda «Ostim » birlashgan sanoat zonasi raisi Orxan Aydin boshchiligidagi turk ishbilarmonlari delegatsiyasining tashrifi doirasida oʻzbek-turk biznes-forumi boʻlib oʻtdi, deya xabar qildi Oʻzbekiston Investitsiyalar, sanoat va savdo vazirligi matbuot xizmati.

Unda investitsiyalar, sanoat va savdo vaziri oʻrinbosari Akram Aliev, mahalliy hokimiyat organlari, erkin iqtisodiy va sanoat zonalari rahbarlari, elektr texnikasi, kimyo mahsulotlari, qurilish materiallari ishlab chiqarish, IT, metallurgiya, taʻʻlim, turizm, savdo va boshqa sohalarda faoliyat yuritayotgan 200 dan ortiq yirik kompaniyalar vakillari ishtirok etdi.

Qutlov soʻzi bilan chiqish qilgan spikerlar, oʻzbek-turk oʻzaro koʻp qirrali munosabatlar koʻrsatkichlari barcha yoʻnalishlarda sezilarli darajada oshganini taʻʻkidladilar. Oxirgi besh yil ichida ikki davlat oʻrtasidagi savdo hajmi 1,3 baravarga oʻsib, 3,1 milliard dollarga etdi. Mamlakatlar oʻrtasida Imtiyozli savdo toʻgʻrisidagi bitim imzolangan, uning doirasida mahsulotlar roʻyxatini kengaytirish boʻyicha faol ishlar olib borilmoqda.

Qayd etilishicha, soʻnggi besh yil ichida qoʻshma korxonalar soni deyarli uch baravarga oshib, 1903 taga etdi. Faqatgina joriy yil boshidan buyon 300 dan ortiq yangi turk kompaniyalari tashkil etildi. 2023 yilda 1,2 milliard dollar miqdorida investitsiyalar oʻzlashtirildi.

Turkiyaning “Unitrade”, “Esan”, “MTA”, “Menderes”, “Zorlu”, “Abdi Ibrahim”, “Calik”, “Aksa”, “Tashyapi”, “Dolsar”, “Jengiz”, “Anadolu” kabi yirik kompaniyalari konchilik va geologiya, toʻqimachilik mahsulotlari ishlab chiqarish, farmatsevtika, qishloq xoʻjaligi, avtomobilʻ sanoati va energetika sohalarida yirik loyihalarni amalga oshirib kelmoqda.

Forum davomida turk kompaniyalariga Oʻzbekistonga investitsiya kiritish uchun yaratilgan qulay sharoitlar taqdim etildi. Asosiy jihatlar qatorida soliq va bojxona imtiyozlari, barqaror iqtisodiy oʻsish, «GSP+» dasturi doirasida Evropa bozorlariga imtiyozli eksport qilish imkoniyatlari, JSTga qoʻshilish boʻyicha faollashgan ishlar hamda rivojlangan infratuzilma va muhandislik kommunikatsiyalariga ega koʻplab erkin iqtisodiy va sanoat zonalari tashkil etilganligi qayd etildi.

Turk kompaniyalariga hozirgi loyihalarni muvaffaqiyatli amalga oshirish hamda yangi investitsiyaviy tashabbuslarni yoʻlga qoʻyishda har tomonlama yordam berishga tayyorlik bildirildi.

Forum doirasida B2B muzokaralari tashkil etilib, ikki davlat tadbirkorlari oʻzaro yangi foydali aloqalar oʻrnatish va yangi qoʻshma loyihalarning tashkiliy mexanizmlarini muhokama qilish imkoniga ega boʻldilar.

Dasturga muvofiq, Toshkent viloyati Zangiota tumanida “Ostim global sanoat zonas” ochilish marosimi ham boʻlib oʻtdi. Ishbilarmon doiralarga yangi sanoat zonasida yaratilgan sharoitlar taqdim etilib, turk kompaniyalari ushbu hududda oʻz ishlab chiqarish korxonalarini tashkil etishga chaqirildi.

Maʻʻlumot uchun: «Ostim» sanoat zonasi hududi 100 gektarni tashkil etadi. Loyiha umumiy qiymati – 150 million dollar. Zona barcha muhandislik kommunikatsiyalari bilan taʻʻminlangan, elektr tokiga boʻlgan ehtiyojlarning bir qismini qondirish uchun quyosh elektr stantsiyasi qurilmoqda. Klaster usulida tashkil etilgan zonada savdo markazi, poliklinika, maktab, mehmonxona, tadqiqot va sertifikatlash boʻyicha ilmiy markaz (R&D) hamda ishlab chiqarish korxonalari uchun zarur kasblarga oʻrgatadigan kasb-hunar kolleji kabi ijtimoiy obʻʻektlar qurilishi rejalashtirilgan.