06.07.2024 15:15

Shavkat Mirziyoev Shushadagi nutqida Gʻazo va Afgʻoniston masalasiga toʻxtaldi

Oʻzbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoev Ozarbayjonning Shusha shahrida boʻlib oʻtgan Turkiy davlatlar tashkiloti norasmiy sammitida savdo va transport yoʻllarini rivojlantirish, iqlim oʻzgarishlariga qarshi birgalikda kurashish kabi masalalar qatorida Gʻazo hamda “koʻp millionli turkiy xalqlar istiqomat qilayotgan” Afgʻoniston mavzusiga toʻxtaldi.

Oʻzbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoev Ozarbayjonning Armaniston ishgʻolidan ozod qilingan Shusha shahrida boʻlib oʻtgan Turkiy davlatlar tashkiloti norasmiy sammitida nutq soʻzladi. Davlat rahbari oʻz nutqida savdo va transport yoʻllarini rivojlantirish, iqlim oʻzgarishlariga qarshi birgalikda kurashish kabi masalalar qatorida Gʻazo va Afgʻoniston mavzusiga toʻxtaldi.

“Ushbu sammitimiz global xavf va xatarlar ortib, oʻzaro ishonch inqirozi tobora kuchayib borayotgan bir sharoitda oʻtmoqda. Bunday murakkab vaziyatda azaliy qardoshlik ruhidan kuch olayotgan aloqalarimizni sifat jihatidan yangi bosqichga koʻtarishni, umumiy yondashuvlarni ishlab chiqishni davrning oʻzi taqozo etmoqda. Shu maʻʻnoda, bugungi yigʻilishimiz “Transport, oʻzaro bogʻliqlik va iqlim harakati orqali barqaror kelajakni bunyod etish” shiori ostida oʻtayotgani dolzarb ahamiyatga ega”, - dedi Shavkat Mirziyoev.

Oʻzbekiston prezidenti Turkiy davlatlar tashkilotiga aʻʻzo mamlakatlar oʻrtasidagi umumiy oʻzaro tovar aylanma hajmi 27 foizga oshgani, bunday yuqori oʻsish surʻʻatlari joriy yilda ham kuzatilayotganini taʻʻkidladi. “Uni bardavom saqlab qolishdan manfaatdormiz”, - dedi.

Tashkilot hududi iqlim oʻzgarishidan eng koʻp zarar koʻrayotgan mintaqalardan biri ekaniga urgʻu qaratgan Oʻzbekiston etakchisi vazirlar darajasida Turkiy ekologiya kengashini tuzish hamda mazkur tuzilma qarorgohini ekologik ofatdan eng koʻp zarar koʻrgan hudud – Orolboʻyidagi yirik shahar Nukusda joylashtirishni taklif qildi.

Shavkat Mirziyoev Gʻazo masalasiga ham toʻxtalib oʻtdi.

“Toʻqqiz oydan buyon Gʻazo sektorida kechayotgan qonli urush oqibatlari bizni chuqur qaygʻu va iztirobga solmoqda. Toʻqnashuvlar 40 mingga yaqin aholi, ayniqsa, ayollar va bolalar hayotiga zomin boʻlganini hech bir sabab va bahona bilan oqlab boʻlmaydi”, - dedi u.

Oʻzbekiston prezidenti zoʻravonliklarni zudlik bilan toʻxtatishga, tinchlik jarayonlarini tezroq boshlashga chaqirdi.

Mustaqil va ozod Falastin davlatining tashkil etilishi Yaqin Sharqda strategik barqarorlik va tinchlikni taʻʻminlashning eng asosiy shartidir”, - deya taʻʻkidladi.

“Koʻp millionli turkiy xalqlar istiqomat qilayotgan Afgʻonistondagi vaziyat xalqaro hamjamiyat eʻʻtiboridan chetda qolib ketmoqda. Oʻzbekiston afgʻon xalqiga zarur yordam koʻrsatishni bundan buyon ham davom ettiradi.

Shavkat Mirziyoev Afgʻonistonning xorijdagi “muzlatilgan” moliyaviy aktivlarini qaytarish mamlakatdagi ijtimoiy vaziyatni yumshatishga xizmat qilishiga ishonch bildirdi.

“Yangi voqelik sharoitida Afgʻoniston masalasi boʻyicha Tashkilotimiz aʻʻzolarining umumiy va yakdil yondashuvlarini ishlab chiqish masalalari tashqi ishlar vazirlarimiz muloqotlarida asosiy muhokama mavzusi boʻlishi lozim”, - dedi u.