Rossiyaning Nijniy Novgorod viloyatida «Qozogʻiston-Moskva» yoʻnalishida harakatlanib ketayotgan Hyundai mikroavtobusi KІA serato mashinasi bilan toʻqnashdi. Oqibatda 7 oʻzbekistonlik — olti erkak va bir ayol halok boʻldi, 3 kishi jarohatlandi. Vafot etganlarning jasadlarini vatanga qaytarish choralari koʻrilmoqda.

Rossiyaning Nijniy Novgorod viloyatida yoʻl-transport hodisasi oqibatida 7 nafar oʻzbekistonlik vafot etdi, deya xabar bermoqda Oʻzbekistonning RFdagi elchixonasi.

Qayd etilishicha, holat 1 sentyabrʻ kuni soat 11:00 atrofida M-12 «Vostok» federalʻ avtomagistralining Navashinskiy tumanidan oʻtgan qismida sodir boʻlgan. 32 yoshli Tojikiston fuqarosi boshqaruvida boʻlgan Hyundai mikroavtobusi «Qozogʻiston-Moskva» yoʻnalishida harakatlanib ketayotib, KІA serato mashinasi bilan toʻqnashgan.

Oqibatda 8 kishi halok boʻlgan, ulardan 7 nafari Oʻzbekiston fuqarolari (6 erkak va bir ayol) ekani aniqlangan. 3 nafar fuqaro (ikki erkak va bir ayol) turli xil tan jarohatlari bilan viloyat tibbiyot muassasalariga joylashtirilgan.

Oʻzbekiston prezidenti topshirigʻiga muvofiq, hukumat tomonidan tez orada halok boʻlganlarning jasadlarini vataniga qaytarish bilan bogʻliq barcha tashkiliy masalalarni tezkorlik bilan hal etish boʻyicha zarur choralar koʻrilmoqda.

Ushbu masala Vazirlar Mahkamasi va Moskvadagi elchixona tomonidan alohida nazoratga olingan.

Oʻzbekistonning Qozondagi bosh konsulxonasi rahbariyati va Tashqi mehnat migratsiyasi agentligi vakolatxonasi xodimlari voqea joyida zarur yordam koʻrsatmoqda, deyiladi xabarda.

Mavzuga aloqador