08.07.2025 09:41
39
Rossiya armiyasiga yollangan buxorolik yigit qamaldi
Kun.uz nashrining yozishicha, JIB Romitan tuman sudi hukmi bilan A.R. Jinoyat kodeksining 154-moddasi 1-qismida (yollanish) nazarda tutilgan jinoyatni sodir etishda aybli deb topilgan. Unga 5 yil ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlangan.
Gap shundaki, 1993 yilda Romitan tumanida tugʻilgan A.R. Rossiya hududida sodir etgan jinoyati uchun qamoqqa olinib, Samaradagi hibsxonaga joylashtirilgan. Shundan soʻng Rossiya qurolli kuchlari safiga yollash boʻyicha oʻtkazilgan targʻibot paytida Ukrainaga qarshi urushga qatnashishga rozi boʻlgan.
U 2024 yil 18 iyul kuni Samara shahridagi harbiy qismda roʻyxatga olinib, harbiy guvohnoma va oddiy askarlik unvonini olgan. Shundan keyin boshqa yollangan harbiy xizmatchilar bilan birga Luganskka yuborilgan.
A.R. Rossiya armiyasi safida harbiy tayyorgarlikdan oʻtgan hamda Ukrainaga qarshi urushda faol ishtirok etgan. 2024 yil 27 iyul kuni harbiy bazaga berilgan raketa zarbasi oqibatida yaralanib, gospitalga olib ketilgan.
U sudda aybiga toʻliq iqror boʻlgani aytilmoqda.