31.01.2025 13:04
192

Qirgʻizistonda toʻy va dafn marosimlarini tartibga solish taklif etildi




Qirgʻizistonda dafn marosimlari, toʻy va boshqa oilaviy tadbirlarda isrofgarchilikka qarshi kurashishni taklif qiluvchi qonun loyihasi jamoatchilik muhokamasiga taqdim etildi, deb xabar berdi Kloop.

Qonun loyihasi bir qator taqiqlarni nazarda tutadi:

- dafn marosimlarida mayda chorva, ot yoki qoramol soʻyish taqiqlanadi;

- marhum dafn etilgach, uch kundan soʻng bir bosh ot yoki qoramol soʻyish bilan xotira tadbiri oʻtkazilishi mumkin;

- 7 kun, 40 kun va yillik maʻʻraka oʻtkazish taqiqlanadi;

- toʻyga 250 nafardan ortiq odam chaqirish taqiqlanadi va faqat bir bosh qoramol yoki ot soʻyilishi mumkin;

- kelin uzatish kechasiga 100 nafardan ortiq mehmon kela olmaydi;

- agar toʻy va qiz uzatuvi birga oʻtkazilsa, unda 350 nafardan ortiq odam taklif qilinishi mumkin emas;

- toʻy kortejiga uchtadan koʻp boʻlmagan mashina ruxsat etiladi va boshqa cheklovlar.

Ushbu taqiqlar buzilgan taqdirda tadbir egasini 300 ming qirgʻiz soʻmi (≈44,5 mln soʻm), muassasa egasini esa 200 ming qirgʻiz soʻmi (≈29,6 mln soʻm) miqdorida jarima solish taklif qilinmoqda.

Qonun loyihasi tashabbuskori, deputat Zamirbek Mamasodiqov soʻzlariga koʻra, soʻnggi yillarda qirgʻizistonliklar turli bayram tadbirlariga haddan tashqari koʻp mablagʻ sarflamoqda, bu esa «oila byudjetiga jiddiy zarar etkazmoqda». Koʻpincha oilalar bunday tadbirlarni oʻtkazish uchun kredit olishga majbur boʻlmoqda, bu esa halokatli oqibatlarga, jumladan, ajralishlarga olib kelyapti.