23.01.2025 13:15
Qirgʻizistonda poytaxtni koʻchirish taklifi bildirildi
Qirgʻiziston parlamenti – Joʻgorku Kenges majlisida deputat Bakytbek Maripov poytaxtni boshqa joyga koʻchirish va u erga Vazirlar Mahkamasini joylashtirish taklifini ilgari surdi.
Maripovning fikriga koʻra, bu chora havo ifloslanishi va tirbandlik muammosini hal qilishga yordam beradi. Unga koʻra, Issiqkoʻl viloyatida qurilayotgan Asman shahri poytaxt uchun munosib joy boʻlishi mumkin. Bu shaharni qurish uchun 10 milliard dollar sarmoya jalb qilingan, Bishkekdan temir yoʻlni koʻchirish esa taxminan 550 million dollarni tashkil qiladi.
"Poytaxtni boshqa joyga koʻchirish orqali tirbandlik muammosini bartaraf etish mumkin", – deydi deputat.
Eslatib oʻtamiz, Qirgʻizistonda avvalroq davlat bayrogʻi oʻzgartirilgan edi.