Oʻzbekiston tarixida birinchi marta imom-xatiblar yuksak davlat mukofotiga sazovor boʻldi. Prezident Shavkat Mirziyoev farmoni bilan uch nafar imom-xatib “Imom Buxoriy” ordeni bilan taqdirlandi.

Oʻzbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoev "Oʻzbekiston mustaqilligining 33 yilligi munosabati bilan fan, taʻʻlim, sogʻliqni saqlash, adabiyot, madaniyat, sanʻʻat sohalari va ommaviy axborot vositalari xodimlaridan bir guruhini mukofotlash toʻgʻrisida"gi farmonni imzoladi.

Taqdirlanganlar orasida Oʻzbekiston tarixida birinchi marta diniy soha xodimlari ham bor. Farmonga koʻra, uch nafar imom “yurtimiz taraqqiyotini taʻʻminlash, jamiyatda tinchlik va totuvlik, ijtimoiy barqarorlikni mustahkamlash, yosh avlodni ezgu gʻoyalar ruhida sogʻlom va barkamol etib tarbiyalashga qoʻshgan katta hissasi, shuningdek, jamoat ishlaridagi faolligi uchun” “Imom Buxoriy” ordeni bilan taqdirlandi.

Mukofotlangan imom xatiblar

•  Naimov Alisher Abdurashidovich – Fargʻona viloyati bosh imom-xatibining oʻrinbosari, Quvasoy shahar bosh imom-xatibi

•  Usmanov Raxmatillo Axmatovich – Qashqadaryo viloyati bosh imom-xatibi, Oʻzbekiston musulmonlari idorasi Qashqadaryo viloyati vakili

•  Elov Jobir Rustamovich – Buxoro viloyati bosh imom-xatibi, Oʻzbekiston musulmonlari idorasi Buxoro viloyati vakili.

Eslatib oʻtamiz, Oʻzbekiston prezidentining 2023 yil 27 iyundagi farmoni bilan marhum shayx Muhammad Sodiq Muhammad Yusuf «Oliy Darajali Imom Buxoriy» ordeni bilan mukofotlangan edi. 2022 yilning avgustida esa Shavkat Mirziyoev Saudiya Arabistoni podshohi Salmon bin Abdulaziz Ol Saudni, noyabrda Turkiya prezidenti Rajab Toyyib Erdoʻgʻonni «Oliy darajali Imom Buxoriy» ordeni bilan mukofotlagan edi.

Azon Global jamoasi mukofot olgan imom-xatiblarimizni qutlaydi. Ulugʻ bobokalonimiz nomidagi mukofot muborak boʻlsin! Alloh taolo xalqimizning diniy savodxonligini oshirish yoʻlidagi xizmatlarini dargohida qabul qilsin. Oʻzining huzurida yuksak ajrlar ato etsin. 

Mavzuga aloqador