Oʻzbekistonda lotereya va bukmekerlik faoliyati litsenziya asosida yuritiladi
2025 yil 17 aprelda qabul qilingan yangi qonunga koʻra, lotereya, bukmekerlik va internet orqali tavakkalchilikka asoslangan oʻyinlar faqat litsenziya asosida faoliyat yuritadi. Bu haqda Adliya vazirligi xabar berdi.
Mazkur oʻzgarish bilan ushbu sohalarni tartibga solish vakolati Istiqbolli loyihalar milliy agentligiga berildi. Qonunda, shuningdek, sugʻurta tashkilotlari rahbariyati va mulkdorlariga nisbatan ishchanlik obroʻsiga doir talablar ham belgilandi.
Senat qonunni 2024 yil 21 fevralda maъqullagan boʻlib, unda onlayn qimor oʻyinlarini tartibga solish, fuqarolarni qimorga qaramlikdan himoya qilish va noqonuniy xorijiy xizmatlardan foydalanishni taqiqlash mexanizmlari ham nazarda tutilgan.
Tashkilotchilar uchun litsenziya muddati 5 yil etib belgilangan. Ularning ustav kapitali esa kamida 56,25 milliard soʻm boʻlishi shart. Shuningdek, bu faoliyat boʻyicha bir qator taqiqlar va cheklovlar ham kiritilgan.