Imom Termiziy ziyoratgohi. hidoyat.uz

2024 yilning oktyabrʻ oyida Oʻzbekistonda Imom Abu Iso Muhammad Termiziyning 1200 yilligi keng nishonlanadi. Jumladan, xalqaro ilmiy konferentsiya va anjuman, koʻrgazmalar, tanlovlar oʻtkazish rejalashtirilgan. Shuningdek, Imom Termiziyning “Ash-Shamoil al-Muhammadiyya” va “Sunani Termiziy” asarlarining koʻp jildlik tarjima va sharhi tayyorlanib, chop etiladi. Prezident Shavkat Mirziyoev shu haqdagi qarorni imzoladi.

2024 yilning oktyabrʻ oyida Oʻzbekistonda Imom Abu Iso Muhammad Termiziyning 1200 yilligi keng nishonlanadi. Bu haqda prezident Shavkat Mirziyoevning 15 avgustda imzolangan “Imom Termiziy tavalludining 1200 yilligini keng nishonlash toʻgʻrisida”gi qarorida soʻz boradi.

Hujjatga koʻra, Imom Termiziyning “Ash-Shamoil al-Muhammadiyya” va “Sunani Termiziy” asarlarining moturidiylik aqidasi va hanafiylik mazhabiga tayangan koʻp jildlik akademik tarjima va sharhi tayyorlanib, chop etiladi.

Toshkent shahrida “Islom – tinchlik va ezgulik dini” mavzusida xalqaro ilmiy-amaliy konferentsiya hamda konferentsiya doirasida Termiz shahrida “Imom Termiziy ilmiy merosining islom tsivilizatsiyasida tutgan oʻrni” mavzusida xalqaro ilmiy-amaliy anjuman oʻtkaziladi.

Imom Termiziy ziyoratgohiga olib boruvchi yoʻl infratuzilmalari yaxshilanib, jumladan, yodgorlik majmuasi va unga tutash hududlar obodonlashtiriladi.

Surxondaryo viloyati Sherobod tumanidagi Imom Abu Iso at-Termiziy majmuasida Imom Termiziy va termiziy allomalarning hayoti, ilmiy va ijodiy faoliyatiga bagʻishlangan asarlarning nodir qoʻlyozma va nashr nusxalari hamda kitoblarining koʻrgazmasini tashkil etish.

Shuningdek, Oʻzbekiston musulmonlari idorasiga imom-xatiblar va diniy taʻʻlim muassasalari talabalari oʻrtasida “Imom Termiziy asarlari boʻyicha hadislar bilimdoni” tanlovini oʻtkazib, gʻoliblarni munosib taqdirlash tavsiya etildi.

Islom tsivilizatsiyasi markazi va Imom Termiziy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi Madaniy meros agentligi bilan birgalikda xorijiy mamlakatlarda saqlanayotgan Imom Termiziyning hayoti, ilmiy merosi hamda u yashagan davrga oid noyob qoʻlyozma asarlar va boshqa madaniy boyliklarni aniqlab, ularning nusxalarini Oʻzbekistonga olib keladi, tizimli ravishda tadqiq qiladi.

 

 

 

Mavzuga aloqador