12.10.2024 08:27

Oʻzbekistonda Hyundai Rotem poezdlari ishlab chiqarilishi mumkin

Janubiy Koreyaning Hyundai Rotem kompaniyasi Oʻzbekistonda elektropoezdlar ishlab chiqarishni rejalashtirmoqda. Transport vazirligida bu borada muzokaralar boʻlib oʻtdi. Avvalroq Koreya kompaniyasi bilan «Toshkent-Xiva» tezyurar yoʻnalishi boʻyicha oltita poezd etkazib berish boʻyicha shartnoma tuzilgan edi.


Oʻzbekiston transport vaziri oʻrinbosari Jasurbek Choriev juma kuni Janubiy Koreyaning Hyundai Rotem kompaniyasi tarkibidagi Global Rail Group shirkati rahbari Kvak Cholʻ Xun boshchiligidagi delegatsiya vakillari bilan uchrashdi.

Gazeta.uzʼning Transport vazirligi matbuot xizmatiga tayanib xabar qilishicha, yigʻilishda Oʻzbekistonda zamonaviy elektropoezdlar ishlab chiqarishni mahalliylashtirish loyihasi muhokama qilingan.

Bugungi kunda Janubiy Koreyaning KORAIL kompaniyasi tomonidan ekspluatatsiya qilinayotgan elektropoezdlar turini Toshkent yoʻlovchi vagonlarini qurish va taʻʻmirlash zavodida mahalliylashtirish orqali ishlab chiqarish taklifi yuzasidan taqdimot oʻtkazildi.

Mahalliylashtirish asosida ishlab chiqarilishi koʻzda tutilgan elektropoezdlarining asosiy texnik xususiyatlari boʻyicha maʻʻlumotlar taqdim etildi.

Tomonlar loyihaning qoʻshimcha imkoniyatlarini koʻrib chiqish, taklifni tahlil qilish va yangi ishlab chiqarish maydonlarini oʻrganishga kelishib oldi.

Eslatib oʻtamiz, iyunda Koreya Respublikasi prezidenti Yun Sok Yolning tashrifi chogʻida «Oʻzbekiston temir yoʻllari», «Temiryoʻlekspress» va Hyundai Rotem kompaniyalari oʻrtasida yangi «Toshkent — Urganch — Xiva» tezyurar yoʻnalishi uchun oltita elektropoezd etkazib berish va ularga texnik xizmat koʻrsatish boʻyicha shartnoma imzolangan edi.

Avgust oyida prezident oltita Hyundai Rotem poezdi xarid qilish loyihasining texnik-iqtisodiy parametrlarini tasdiqlagan edi. Koreyaning Eksimbanki 40 yilga 185,18 million evro miqdorida kredit beradi.

Shavkat Mirziyoev taklifi bilan elektropoezd «Jaloliddin Manguberdi» deb nomlanadi. U ishga tushirilgach, Toshkentdan Xivaga 7 soatda (hozirda yarim kundan koʻproq) etib borish mumkin boʻlishi kutilmoqda.