28.10.2024 14:09
1014
Oʻzbekistonda deputatlik saylovi: natijalar, raqamlar, oʻzgarishlar
27 oktyabrʻ kungi Oliy Majlis Qonunchilik palatasi va xalq deputatlari kengashlari deputatlari saylovida roʻyxatga olingan 19 million 944 mingdan ortiq saylovchidan 15 million 27 ming 529 nafari (74,72 foizi) ovoz berdi. Bu haqda Markaziy saylov komissiyasi raisi Zayniddin Nizomxoʻjaev maʻʻlum qildi.
Qonunchilik palatasi uchun Yagona saylov okrugi boʻyicha Oʻzbekiston liberal-demokratik partiyasi 34,75 foiz ovoz toʻplab (26 ta mandat) birinchi, "Milliy tiklanish" partiyasi 18,82 foiz bilan ikkinchi (14 mandat) boʻldi.
Keyingi oʻrinlar Xalq demokratik partiyasi (17,11 foiz, 13 ta oʻrin), "Adolat" partiyasi (16,20 foiz, 12 ta) va Ekologiya partiyasi (13,12 foiz, 10 ta oʻrin) oʻrtasida taqsimlangan.
Bir mandatli saylov okrugi boʻyicha esa OʻzLiDeP 38 ta, "Milliy tiklanish" 15 ta, "Adolat" 9 ta, XDP 7 ta, Ekopartiya esa 6 ta oʻringa ega boʻlgan.
Qonunchilik palatasidagi 150 ta oʻrin partiyalar orasida quyidagicha taqsimlandi:
OʻzLiDeP – 64 ta;
"Milliy tiklanish" – 29 ta;
"Adolat" – 21 ta;
XDP – 20;
Ekopartiya – 16 ta.
Maʻʻlumot uchun, Oʻzbekistonda Oliy Majlis Qonunchilik palatasi va mahalliy kengashlar deputatlari saylovida ovoz berish jarayoni 27 oktyabrʻ kuni 11 ming 28 ta saylov uchastkalarida soat 08:00 da boshlanib, soat 20:00 gacha davom etdi.
40 ta xorijiy davlatdagi Oʻzbekiston diplomatik vakolatxonalarida 57 ta saylov uchastkalari tashkil etilgan. Xorijdagi saylov jarayonlarining dastlabkisi Yaponiya va Koreya Respublikasidagi diplomatik vakolatxonalarida Toshkent vaqti bilan soat 04:00 da boshlandi. Ovoz berish jarayonlarining soʻngisi AQShdagi vakolatxonalarda Toshkent vaqti bilan 28 oktyabrʻ soat 05:00 da yakunlandi.
27 oktyabrʻ soat 13:00 holatiga koʻra, 19 944 859 nafar saylovchidan 9 948 589 nafari yoki 47,62 foizi ovoz berishda ishtirok etdi va deputatlik saylovi oʻtgan deb hisoblandi.
Bu yilgi saylovlar yangilangan Konstitutsiya va milliy saylov qonunchiligiga binoan, aralash saylov (majoritar-proporsional) tizimi asosida oʻtkazildi. Bu tizim Qonunchilik palatasi deputatlarining 75 tasini bir mandatli saylov okruglaridan majoritar saylov tizimi boʻyicha, qolgan 75 tasini esa partiya roʻyxati boʻyicha proporsional saylov tizimi orqali saylash imkonini beradi.