Oʻzbekiston va uning xalqi shaʻʻni, qadr-qimmati yoki tarixini tahqirlovchi ommaviy chiqishlar qilgan yoxud harakatlar sodir etgan chet el fuqarosi mamlakat hududiga kiritilmaydi. Bunday odamlar roʻyxati yuritiladi. Oʻzbekiston hududidagi bunday shaxslar chiqarib yuboriladi.



Oʻzbekiston Senati chet el fuqarolarining va fuqaroligi boʻlmagan shaxslarning huquqiy holati toʻgʻrisidagi qonunga oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritish haqidagi qonunni koʻrib chiqdi, deya xabar bermoqda Gazeta.uz.

Xalqaro munosabatlar, tashqi iqtisodiy aloqalar, xorijiy investitsiyalar va turizm masalalari qoʻmitasi aʻʻzosi, senator Anvar Toʻychiev taʻʻkidlashicha, soʻnggi vaqtlarda ayrim chet el fuqarolari tomonidan Oʻzbekiston davlat suverenitetiga, hududiy yaxlitligiga va xavfsizligiga zid boʻlgan davlatlararo, milliy, diniy adovatni keltirib chiqaruvchi, Oʻzbekiston xalqi shaʻʻni, qadr-qimmati, tarixini tahqirlovchi ommaviy chiqishlar hamda harakatlar sodir etish harakatlari uchrab turibdi.

Qonunga koʻra, bundan buyon Oʻzbekistonda boʻlishi nomaqbul deb topilgan chet el fuqarolari va fuqaroligi boʻlmagan shaxslar roʻyxati yuritiladi. Oʻzbekiston suverenitetiga, hududiy yaxlitligiga, xavfsizligiga zid boʻlgan, shuningdek, davlatlararo ijtimoiy, milliy, irqiy hamda diniy adovatni keltirib chiqaruvchi, Oʻzbekiston xalqining shaʻʻnini, qadr-qimmatini yoki tarixini tahqirlovchi ommaviy chiqishlar qilgan yoxud harakatlar sodir etgan chet el fuqarosi yoki fuqaroligi boʻlmagan shaxslar ushbu roʻyxatga kiritiladi.

Oʻzbekistonda boʻlishi nomaqbul deb topilgan chet el fuqarolari va fuqaroligi boʻlmagan shaxslarni roʻyxatga kiritish, uni yuritish tartibi Vazirlar mahkamasi tomonidan belgilanadi va Tashqi ishlar vazirligi tomonidan yuritiladi. Roʻyxatga kiritish Oliy Majlis palatalari kengashlari hamda maxsus vakolatli davlat organlarining taqdimiga asosan amalga oshiriladi.

Roʻyxatga kiritilgan chet el fuqarosi yoki fuqaroligi boʻlmagan shaxs Oʻzbekiston hududiga belgilangan muddatga kiritilmaydi va unga nisbatan qator cheklovlar joriy etiladi. Xususan, 5 yil davomida Oʻzbekiston hududiga kirishi, mamlakat hududida bank hisobvaraqlarini ochishi, koʻchmas mulk sotib olishi, davlat mulkini xususiylashtirishda ishtirok etishi, moliyaviy va shartnomaviy munosabatlarga kirishishi taqiqlanadi.

Ushbu qayd etilgan taqiq va cheklovlarni qoʻllashda roʻyxatdagi shaxslarga mulk huquqi asosida tegishli boʻlgan Oʻzbekiston hududida joylashgan xususiy mulkini begonalashtirilishi yaʻʻni sotishi yoki hadya etishi bundan mustasno.

Agar roʻyxatga kiritilgan shaxs chet el fuqarosi yoki fuqaroligi boʻlmagan shaxs Oʻzbekistonda turgan yoki vaqtincha yashayotgan boʻlsa, unga mamlakatdan chiqib ketishi uchun 10 kunlik muhlat beriladi. Ushbu shaxs belgilangan muddat ichida Oʻzbekistondan chiqib ketmasa ichki ishlar organlari tomonidan belgilangan tartibda deportatsiya qilinadi.

Chet el fuqarosining yoki fuqaroligi boʻlmagan shaxsning roʻyxatda boʻlish muddati 5 yilni tashkil etadi va u roʻyxatga kiritish uchun asos boʻlgan sabablarni ushbu muddat ichida bartaraf etadigan boʻlsa, muddatidan ilgari ushbu roʻyxatdan chiqarilishi mumkin.

Qonun Senat tomonidan maʻʻqullanib, prezidentga yuborildi

Mavzuga aloqador