13.01.2025 12:14
626

Oʻzbekiston delegatsiyasi Saudiya Arabistoni Haj va Umra vaziri bilan uchrashdi

Oʻzbekiston delegatsiyasi Saudiya Arabistoni Haj va Umra vaziri bilan uchrashdi

Jidda shahrida Oʻzbekiston delegatsiyasi hamda Saudiya Arabistoni Haj va umra vazirligi rahbariyati oʻrtasida uchrashuv boʻlib oʻtdi. Muloqotda Haj va umra vaziri doktor Tavfiq bin Favzon ar-Rabia, Din ishlari boʻyicha qoʻmita raisi Sodiqjon Toshboev, Oʻzbekiston musulmonlari idorasi raisi, muftiy Shayx Nuriddin Xoliqnazar va “Haj” va “Umra” ishlari boʻyicha attashe Shuhrat Amoniy ishtirok etdi. Uchrashuvda “Haj – 2025” mavsumini yuqori darajada tashkil etish masalalari muhokama qilindi.

Muloqot avvalida Oʻzbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoev hamda Saudiya Arabistoni podshohi Salmon bin Abdulaziz Ol Saud oʻrtasidagi doʻstona munosabatlar qayd etildi. Ziyoratchilar uchun qulayliklar va xizmat koʻrsatish darajasining yuqori ekani taʻʻkidlandi. Xususan, haj kvotasining ikki karra oshirilgani va keyingi etti yilda 60 mingdan ziyod oʻzbekistonlik haj amallarini bajargani aytib oʻtildi.

Soʻnggi yillarda haj va umra safarlari boʻyicha olib borilgan islohotlar, tashkilotchilik ishlari, huquqiy asoslar va raqamlashtirish jarayonlari Saudiya tomonidan yuqori baholandi. Shuningdek, ziyoratchilarning intizomi va haj safariga tayyorgarligi namunali deb topildi.

Tavfiq bin Favzon ar-Rabia oʻz soʻzlarida Yangi Oʻzbekistondagi islohotlarni eʻʻtirof etib, Ibn Sino, al-Xorazmiy kabi buyuk allomalar yurtidagi islohotlar kelajakda yangi mutafakkirlar chiqishi uchun zamin boʻlishini taʻʻkidladi.