19.05.2025 07:18
120

Oʻzbek merganlari Turkiyadagi musobaqada birinchi oʻrinni egalladi



Turkiyaning Isparta shahrida boʻlib oʻtgan harbiy merganlar musobaqasida Oʻzbekiston jamoasi 15 davlatning 48 ta jamoasi orasida birinchi boʻldi. Oʻzbek merganlari noaniq masofalarga noqulay istehkomdan, turli toʻsiqlar ortidan, vertolyot va qayiqdan jangovar oʻq otish, 5 km masofadan yuk va qurol bilan yugurib kelib, tunda nomalum masofalarga oʻq otish kabi shartlarda eng yaxshi natijalarni qayd etdi.

Turkiyada 5−16 may kunlari boʻlib oʻtgan V Xalqaro «Eng ilgʻor merganlar jamoasi» musobaqasida Oʻzbekiston Mudofaa vazirligi jamoasi oltin medalni qoʻlga kiritdi, deb xabar bermoqda vazirlik.

15 davlatning 48 ta jamoasi ishtirokida oʻtkazilgan bahslar Turkiyaning Isparta shahridagi «Komando» togʻ-oʻquv mashqlar markazida tashkillandi. Unda Oʻzbekiston, Turkiya, Pokiston, Qatar, Ozarbayjon, Italiya, Birlashgan Arab Amirliklari — oʻndan ortiq davlat, shuningdek, kuzatuvchi maqomida Turkmaniston, Qozogʻiston, Britaniya va Quvayt ishtirok etdi. Musobaqa ishtirokchilari guruhlarga boʻlinib, 15 ga yaqin shart boʻyicha bahs olib bordi.

Xususan, jamoalar yuqori burchak ostida oʻq otish, gazniqob taqib, jangovar oʻq otish, noaniq masofalarga noqulay istehkomdan oʻq otish, turli toʻsiqlar ortidan oʻq otish, havodagi vertolyotdan oʻq otish, orolni himoya qilish va qayiqdan jangovar oʻq otish, nishonga sezdirmay yaqinlashib oʻq otish, 5 km masofadan yuk va qurol bilan yugurib kelib, sovuq stvoldan oʻq otish, tunda nomalum masofalarga oʻq otish va «syurpriz» shartlarini bajardi.

Turkiyada oʻtkaziladigan mazkur musobaqada Oʻzbekiston jamoasi 4-marotaba ishtirok etmoqda, 2022 va 2023 yillarda 2-oʻrinni, 2024 yilda esa 1-oʻrinni egallagandi