Ozarbayjon va Oʻzbekiston harbiylari ishtirokida «Mahorat-2024» mashgʻulotlari boshlandi
Ozarbayjon va Oʻzbekiston harbiylari ishtirokida «Mahorat-2024» qoʻshma taktik qoʻmondonlik-shtab oʻquv mashgʻulotlari boshlandi. Kompʻyuter koʻmagidagi qoʻshma mashgʻulotlar Ozarbayjon va Oʻzbekiston oʻrtasida 2024 yilga moʻljallangan ikki tomonlama hamkorlik rejasi doirasida oʻtkazilmoqda.
“Ozarbayjon Respublikasi Mudofaa vazirligi va Oʻzbekiston Respublikasi Mudofaa vazirligi oʻrtasida tuzilgan 2024 yilga moʻljallangan ikki tomonlama hamkorlik rejasiga muvofiq, ikki davlat harbiy xizmatchilari ishtirokida “Mahorat-2024” kompʻyuter koʻmagida qoʻshma taktik qoʻmondonlik-shtab mashqlari oʻtkaziladi”, — deyiladi Ozarbayjon Mudofaa vazirligi xabarida.
Harbiy boshqaruv institutining Harbiy oʻyinlar markazida boʻlib oʻtadigan mashgʻulotlarga ikki davlatdan 100 nafardan ortiq harbiy xizmatchilar jalb etiladi.
Tadbirni oʻtkazishdan maqsad – ikki mamlakat armiyasi tezkor boʻlinmalarining oʻzaro hamkorligini yaxshilash va jangovar samaradorligini oshirishdan iborat. Shuningdek:
Ozarbayjon va Oʻzbekiston qoʻshinlari tezkor boʻlinmalarining oʻzaro hamkorligini takomillashtirish va jangovar samaradorligini oshirish;
tezkor boʻlinmalar komandirlarining harbiy qarorlar qabul qilish koʻnikmalarini, ularning tashabbuskorligi va boshqaruv koʻnikmalarini rivojlantirish ham koʻzda tutilgan.
“Mahorat-2024” taktik qoʻmondonlik-shtab oʻquv mashgʻulotlari 6 oktyabrga qadar davom etadi.