Seshanba kuni Markaziy Osiyo davlatlari quruqlik, dengiz floti va havo kuchlari ishtirokida birinchi marta Rossiya va Xitoy ishtirokisiz qoʻshma mashgʻulotlar oʻtkazishni boshladi.

«Bіrlestіk-2024» qoʻmondonlik-shtab oʻquv mashgʻulotlarida Qozogʻiston, Qirgʻiziston, Oʻzbekiston, Ozarbayjon va Tojikiston harbiylari ishtirok etmoqda, deb xabar berdi 24KZ.

17 iyulga qadar davom etadigan mashgʻulotlarda Ozarbayjon patrulʻ va oʻrta desant kemalari, Oʻzbekiston esa armiya aviatsiyasi vertolyotlari bilan ishtirok etadi. Mashgʻulotlarning asosiy qismi Oymasha poligonida va Tokmak burnidan ikki kilometr uzoqlikda boʻlib oʻtadi. Harbiylar qurolli mojaroni bartaraf etish boʻyicha qoʻshma operatsiya oʻtkazadi. Harbiy amaliy sport, taktik moʻljalga olish va otish boʻyicha ham musobaqalar oʻtkazilishi rejalashtirilgan. Jami 4 mingga yaqin harbiy xizmatchi hamda 700 tagacha qurol va harbiy texnika jalb etiladi.

Qirgʻiziston Mudofaa vazirligining maʻʻlum qilishicha, mashgʻulotlar davomida harbiylar “terrorchilar tomonidan bosib olingan orolni ozod qiladi” hamda “dengiz xavfsizligini taʻʻminlash va infratuzilmani himoya qilish boʻyicha amaliyotlar oʻtkazadi”.

Alarabiya nashri mashgʻulotlar birinchi marta Rossiya va Xitoy ishtirokisiz oʻtkazilayotganiga urgʻu berdi.

Bu davlatlar odatda muntazam ravishda ushbu strategik mintaqadagi eng nufuzli ikki yirik davlat: Kollektiv Xavfsizlik Shartnomasi Tashkiloti ostidagi Rossiya va Shanxay Hamkorlik Tashkiloti doirasidagi Xitoy bilan mashgʻulotlarda qatnashadi, jumladan, ShHT doirasida 2023 yilda 1500 nafar harbiy ishtirokida mashgʻulotlar boʻlib oʻtdi.

Qayd etilishicha, yirik davlatlar ham xomashyoga boy mintaqa va muhim savdo yoʻliga koʻproq eʻʻtibor qaratayotgani sababli oʻnlab yillar davom etgan ichki janjallardan soʻng Markaziy Osiyo davlatlari yaqinda hamkorlikni kuchaytirdi.

Bu mamlakatlarning barchasi Xitoy va Evropa oʻrtasidagi Rossiyani chetlab oʻtuvchi va “Oʻrta koridor” nomi bilan mashhur boʻlgan transport yoʻnalishining bir qismidir.

Mavzuga aloqador