08.05.2025 11:15
33
Jizzaxda kichik AESni joylashtirish sxemasi tasdiqlandi
Forish tumanida Rossiyaning «Atomstroyeksport» shirkati bilan hamkorlikda qurilishi rejalashtirilgan kichik quvvatli atom stantsiyasini joylashtirish sxemasi tasdiqlandi. Barcha ishtirokchilarning kichik quvvatli AES qurilishi loyihasini amalga oshirishga tayyorligi bildirildi.
6 may kuni energetika xavfsizligi masalalari boʻyicha Oʻzbekiston prezidenti maslahatchisi Alisher Sultonov raisligida kichik quvvatli atom elektr stantsiyasi qurilishi loyihasini amalga oshirishga bagʻishlangan operativ shtab va ilmiy-texnik kengashning qoʻshma yigʻilishi boʻlib oʻtdi. Bu haqda «Oʻzatom» xabar qildi.
«Ishtirokchilar shartnoma majburiyatlarining aniq belgilangan muddatda bajarilayotganini taъkidlab, reglamentga qatъiy rioya qilish zarurligiga toʻxtaldilar shuningdek, qurilish-montaj bazasini tashkil etish masalalariga alohida eъtibor qaratildi, jumladan, joriy tayyorgarlik bosqichlari va kelgusi ishlar rejalari muhokama qilindi. Shuningdek, er boʻlimlarini ajratish va tashqi infratuzilmani taъminlash masalalari koʻrib chiqildi, bu esa mahalliy hokimiyat organlari va pudrat tashkilotlari bilan faol hamkorlikni talab qiladi», — deyiladi xabarda.
Qayd etilishicha, ilmiy-texnik kengash tanlangan maydonda oʻtkazilgan muhandislik tadqiqotlari natijalarini koʻrib chiqqan.
Yigʻilish davomida Jizzax viloyati Forish tumanida kichik quvvatli atom stantsiyasini joylashtirish sxemasi tasdiqlandi, bu loyihani mintaqaviy ehtiyojlarga moslashtirish va elektr energiyasi ishlab chiqarishni optimallashtirish imkonini berishi qayd etildi.
Bundan tashqari, Oʻzbekistonning tabiiy uran resurslaridan yadro yonilgʻisi ishlab chiqarishda foydalanish imkoniyati muhokama qilindi.
Yigʻilish barcha ishtirokchilarning kichik quvvatli atom elektr stantsiyasi qurilishi loyihasini muvaffaqiyatli amalga oshirishga tayyorligini tasdiqladi.
AES qurilishi boʻyicha shartnoma 2024 yil 27 may kuni Rossiya prezidenti Vladimir Putinning Toshkentga tashrifi doirasida AES qurilishi direktsiyasi va «Atomstroyeksport» («Rosatom» muhandislik boʻlimi) oʻrtasida tuzilgandi. «Rosatom» stantsiya qurilishining bosh pudratchisi boʻladi, qurilishga Oʻzbekiston kompaniyalari ham jalb etiladi.
«Rosatom» rahbari Aleksey Lixachyovning aytishicha, stantsiyani 2029 yildan 2033 yilgacha «bosqichma-bosqich» ishga tushirish rejalashtirilgan.
Eъtiborlisi, kichik AESda atom muzyorar kemalarida ishlatilgan RITM-200N suv-suvli yadro reaktorlari oʻrnatiladi. Ammo bu reaktorlar bilan shu vaqtgacha quruqlikda AES qurilmagan.