Isroil Suriya va Turkiya faolligidan xavotirda
Isroil xavfsizlik xizmatlari Suriyadagi vaziyat va mintaqaviy xavfsizlikka taъsir qiluvchi omillar yuzasidan maslahatlashuvlar oʻtkazdi.
Manbalarga koʻra, Suriyaning yangi hukumati janubiy hududlardagi harbiy bazalarni tiklash hamda mudofaa qudratini mustahkamlash ustida ish olib bormoqda.
Isroilning 12 kanali xabar berishicha, Bosh vazir Benyamin Netanyaxu yaqin kunlarda xavfsizlik boʻyicha maxsus yigʻilish oʻtkazishi rejalashtirilgan. Unda Suriyadagi turk taъsirining ortib borayotgani muhokama qilinadi.
Shu bilan birga, Suriya va Turkiya oʻrtasida muloqot olib borilayotgani, muzokaralarda Palmiraga yaqin hududlarni Turkiya armiyasi nazoratiga topshirish evaziga Anqara tomonidan iqtisodiy va harbiy yordam koʻrsatish masalasi muhokama qilinayotgani aytilmoqda.
Isroil doiralari Turkiyaning Palmira hududidagi faolligidan xavotirda, chunki bu mintaqadagi kuchlar muvozanatini oʻzgartirishi va geosiyosiy vaziyatga taъsir qilishi mumkin.