23.06.2025 06:29
68

Eron yadro obъektlaridagi ehtimoliy halokatning Oʻzbekistonga ham taъsiri bor



Iqlimshunos olim Erkin Abdulahatovning maъlum qilishicha, Eron va Isroil mojarolari ortidan yadro obъektlaridagi ehtimoliy halokatning Markaziy Osiyo mintaqasiga ham taъsiri bor. 

Qayd etilishicha, radioaktiv nurlanish faollashgan taqdirda, muayyan ob-havo sharoitlarida ana oʻsha hududlardagi radioaktiv nur Oʻzbekistonga kirib kelishi mumkin. Bu, Oʻzbekistonga kirib keluvchi va rivojlanuvchi 15 sinoptik jarayonning 2-3 tasida roʻy beradi. Bu jarayonlar yozgi termik depressiya va past bosimli kichik gradientli atmosferasi sohasi jarayonlaridir. Ushbu jarayonlar 11- va 13-tur sinoptik jarayonlari deyiladi.

“Bu ikki jarayon yoz oylarida bizning mintaqada hukmron jarayonlar ekani inobatga olinsa, hozirgi sharoitda Eron hududlaridagi oqimlarning bizning mintaqaga toʻsiqlarsiz bemalol kirib kelishini taxmin qilish mumkin”, deydi iqlimshunos.

Oldinroq, AQSh  Erondagi uchta yirik yadroviy obъekt – Fordo, Natanz va Isfahonga zarba bergandi.

Iqlimshunosning qayd etishicha, turli sunъiy yoʻldosh dasturiy mahsulot maъlumotlariga koʻra, hozirda ushbu uch hududda atmosfera tarkibidagi radiatsiya miqdori ortib ketmagani koʻrsatilmoqda.

Mavzuga aloqador