Dunyoviylik niqobi ostidagi buzgʻunchilik
zbekistonda dunyoviy davlatchilik xavf ostida qolmoqda. Jamiyat va davlatdagi Eltuz kabi radikal ateizm tarafdorlari shunday tahdidni keltirib chiqarmoqda. Bugun sobiq kommunistik tuzum mafkurasi bilan zaharlangan, islomofobiya kabi buzgʻunchi gʻoyalar taʻʻsiriga tushib qolgan, radikal ateizm kabi yot gʻoyalarga aldangan shaxslar oyoqlanib, jamiyatimizda tinchlik va totuvlikka rahna solmoqda. Ular oʻzbek davlati va hukumatini xalqqa, oʻzbek xalqini esa davlatga qarshi gij-gijlashga urinmoqda. Radikal ateistlar “dunyoviylik” tamoyilidan oʻzining gʻarazli va buzgʻunchi maqsadlarida uddaburonlik bilan foydalanmoqda. Oʻzbekistonni radikal shaklda “dunyoviylashtirish”, uni Shimoliy Koreya kabi dinsiz, diyonatsiz va vijdonsiz davlatga aylanishini kutib yashamoqda.
Radikal ateizm bugun Oʻzbekistonda davlatchilik huquqini etarli darajada bilmaydigan yoshlar, taniqli shaxslar va hatto davlat idoralarida faoliyat koʻrsatayotgan shaxslarga bevosita taʻʻsir koʻrsatmoqda. Ular demokratiya tushunchasini notoʻgʻri talqin qilinish yoʻli bilan davlat va xalq oʻrtasidagi taranglikni vujudga kelishiga sabab boʻlmoqda. Bugun radikal ateistlar “dunyoviylik” shiori bilan oʻzbek xalqining xohish-irodasi, turmush tarzi, madaniyati va qadriyatlariga hujum qilmoqda. Aholisining 90% musulmon boʻlgan oʻzbek jamiyatining din bilan bogʻliq holda shakllanib kelgan dunyoqarashi, madaniyati, urf-odati, didi va sanʻʻati aynan radikal ateistlar taʻʻsirida boʻgʻilmoqda. Radikal ateistlar va ularning makrlariga aldangan davlat mutasaddilari tomonidan fuqarolarning konstitutsiyaviy huquqlarining poy-mol etilishi, insonning tashqi koʻrinishi, soqol, roʻmol masalalari, vijdoni, tafakkuri kabi hayotiy va umuminsoniy huquqlariga rahna solish, vijdon erkinligi, milliy va diniy qadriyatlarga tahdid soluvchi qonun-qoidalarni taklif qilish kabi holatlar bunga misol boʻla oladi. Aslida, ushbu noinsoniy xatti-harakatlarning birortasi “dunyoviy davlat”da yashashning sharti emas yoki “dunyoviy davlat”ning vakolatida emas.
Bugun radikal ateizm taʻʻsirida “dunyoviylik” deganda “kim jahannamga kirishni istasa, unga yoʻl ochib berish”, biroq, jannatga kirishni istaganlarga esa imkon bermaslik tushuniladigan boʻlib qoldi. Bunday mafkuraning davlat xizmatchilari orasida tarqalishi bilan Oʻzbekistonda DAVLAT yagona – bir butun xalq irodasini ifoda etishi, yagona xalqining manfaatlariga xizmat qilishi oʻrniga, bir toʻda radikal ateizm oqimi tarafdorlarining gʻarazli maqsadlarida xizmat qiluvchi instrumentga aylanib qolmoqda. Dunyoviy davlat xalqning dunyoviy ehtiyojlariga xizmat qilish oʻrniga, xalqni dunyoviylashtirishga urinmoqda. Yaʻʻni Oʻzbekistonda dunyoviy davlatchilik xavf ostida qolmoqda!
Keling, ushbu maqolada qanday qilib radikal ateizm taʻʻsirida Oʻzbekistonda dunyoviy davlatchilik xavf ostida qolayotganini koʻrib chiqamiz.
Buning uchun esa, Eltuz va uniga oʻxshagan radikal ateizm oqimi aʻʻzolarining aldovlari va tahdidlarini fosh qilib boramiz. Shu yoʻl bilan, radikal ateistlarning yagona oʻzbek xalqi qabul qilgan Konstitutsiyani oʻz manfaatlari yoʻlida talqin qilib, oʻzbek davlatchiligiga tahdid solishining oldini olgan boʻlamiz.
Birinchi aldov va tahdid: Konstitutsiya va oʻzbek xalqining irodasini qarama-qarshi qoʻyish.
Radikal ateizm tarafdorlari Oʻzbekiston Konstitutsiyasidagi “dunyoviy davlat” tushunchasidan oʻzlarining gʻarazli siyosiy manfaatlari yoʻlida foydalanish, aldov va fikriy chalgʻitish yoʻli bilan Oʻzbekistonning yagona xalqi irodasini ateistik mafkuraga tobe qilishga urinmoqdalar. Jamiyatdagi, ijtimoiy tarmoqlarda faol va hatto davlat organlarida xizmat qiluvchi radikal ateistlar shunday talqin bilan aholisining 90 foizi musulmon boʻlgan oʻzbek xalqining milliy va diniy urf-odatlari, hayot tarzi va irodasini boʻgʻishga urinmoqda. Milliy va diniy tushunchalarga qarshi “biz dunyoviy davlatda yashayapmiz, konstitutsiyada shunday yozilgan” deb, xalq irodasiga qarshi konstitutsiyani pesh qilmoqda. Afsuski, bunday aldovga koʻplab yoshlar, hatto ziyolilar va mutasaddilar ham aldanib qolmoqda.
Shu erda bir narsani unutmasligimiz kerak. Bu juda muhim nuqta. Konstitutsiya bu Oʻzbekistonning yagona xalqining xohish-irodasi mahsulidir. Oʻzbekiston xalqining irodasi Konstitutsiyaning mahsuli emas. Yaʻʻni, Konstitutsiyaning qanday boʻlishini xalqning irodasi belgilaydi, biroq, Konstitutsiya aslo va aslo xalqqa nimani iroda qilishni belgilab berolmaydi.
Bugun Oʻzbekistonning yagona aholisi Konstitutsiyani qabul qilganda Oʻzbekistonni “boshqaruvning respublika shakliga ega boʻlgan suveren, demokratik, huquqiy, ijtimoiy va dunyoviy davlat” boʻlishini iroda qildi. Ertaga esa, huddi prezident saylov muddatlarini nollashtirgan ushbu yangi Konstitutsiyani qabul qilganidek, amaldagi Konstitutsiyaga oʻzgartirish kiritishi, agar bu Oʻzbekistonning yagona xalqining manfaatiga xizmat qilsa, xuddi jadid bobolarimiz orzu qilganidek, Oʻzbekistonni, masalan, Qozogʻiston, Qirgʻiziston, Turkmaniston va Tojikiston bilan birlashgan Turkiston Muhtoriyati shaklidagi federativ davlat deb ham iroda qilishi mumkin. Xuddi bir vaqtlar SSSR tarkibidan mustaqil boʻlib chiqishni iroda qilganidek. Bundan fojia yasash kerak emas. Oʻzbek xalqining irodasi Konstitutsiyaning qanday boʻlishini belgilab beradi. Konstitutsiya aslo oʻzbek xalqining irodasi qanday boʻlishini belgilab bermaydi.
Ikkinchi aldov va tahdid: Oʻzbekiston dunyoviy davlat. Biroq bu Oʻzbekiston oʻz xalqini dunyoviylashtiradigan davlat degani emas. Xalqaro huquqda “dunyoviylik” (secularism) va “dunyoviylash(tir)ish” (secularization) bir-biriga oʻxshash, ammo bir-biridan tubdan farq qiladigan tushunchalardir. Radikal ateistlar Oʻzbekiston davdatchiligidagi “dunyoviylik” tushunchasini oʻzlarining gʻarazli siyosiy maqsadlariga moslab “dunyoviylashtiradigan” davlat deb notoʻgʻri talqin qilmoqda.
Keling, “dunyoviylik” (secularism) va “dunyoviylash(tir)ish” (secularization) tushunchalarining farqini koʻrib chiqamiz.
“Dunyoviy”lik davlat, din va fuqarolar oʻrtasidagi munosabatlarni tartibga soluvchi, ushbu munosabatlarning qay tarzda boʻlishi kerakligi haqidagi gʻoya, tizimdir. Dunyoviylik diniy institutlarning yoki eʻʻtiqodlarning ustuvorligidan xoli boʻlgan umuminsoniy qadriyatlar, ilmlar va jarayonlarni oʻz ichiga oladi. Biroq, dunyoviylik aslo dinning jamiyatdagi ijtimoiy va siyosiy jarayonlardan butkul siqib chiqarishni talab etmaydi. Oʻzbekiston Konstitutsiyasiga koʻra dunyoviy davlat, chunki Konstitutsiya biror bir diniy eʻʻtiqod taʻʻsirida, unga tobe boʻlgan holatda emas, balki xalqning irodasi bilan qabul qilingan hujjatdir. Lekin, oʻzbek xalqining xohish-irodasi oʻzining diniy va milliy qadriyatlarini saqlab qolish, unga amal qilish boʻlsa, xalqning ana shunday irodasi dunyoviy qonunchilikda ifoda etilishi mumkin. Dunyoviy davlat bunga monelik qilolmaydi.
Dunyoviylash(tir)ish (secularization) esa qasddan yoki tabiiy jarayonlar taʻʻsirida jamiyatning dindan uzoqlashishi, jamiyat hayotida diniy omillarning yoʻqolishi, bugungi oʻzbek siyosiy tili bilan aytganda diniy fonning kamayishini anglatadi. Yaʻʻni agar jamiyat dindan uzoqlashayotgan, undagi diniy fon kamayayotgan boʻlsa, jamiyat dunyoviylashayotgan, agar davlat jamiyatda diniy fonni kamaytirishga urinayotgan boʻlsa, u holda jamiyatni dunyoviylashtirayotgan davlat boʻladi, dunyoviy davlat emas.
Oʻzbekistonning yagona xalqi Konstitutsiyani qabul qilganda davlatga dunyoviy boʻlish vakolatini bergan, dunyoviylashtirish vakolatini emas.
Aslini olganda, bugun oʻzbek jamiyati dunyoviylashayotgan, yaʻʻni sekulyarizatsiya boʻlayotgan emas, balki dunyoviylashishdan qaytayotgan, diniy va milliy qadriyatlarini tiklayotgan jamiyat hisoblanadi. Jamiyat va davlat ichidagi radikal ateistlarning oyogʻi kuygan tovuqdan tipirchilab qolganining sababi ham shunda. Jamiyatda diniy fon ortib bormoqda. Oʻzbek xalqi diniy va milliy qadriyatlar asosida yashashni iroda qilmoqda. Shu asosda ijtimoiy munosabatlarni oʻrnatmoqda. Bu normal holat. Oʻzbekistonning yagona xalqi qanday yashashni oʻzi iroda qiladi. Aslida dunyoviylashishdan qaytish nafaqat Oʻzbekistonda, balki butun dunyoda birdek sodir boʻlayotgan jarayon hisoblanadi.
Bugungi kunda butun dunyoda diniy, xususan, islomiy qadriyatlar, madaniyat va eʻʻtiqod birdek ortishi kuzatilmoqda. Oʻzbekistondagi holat ana shunday global jarayonning bir qismi xolos.
Uchinchi aldov va tahdid: Oʻzbekiston dunyoviy davlat, shuning uchun unda dinning oʻrni yoʻq.
Konstitutsiya xalqaro huquqning suveren subʻʻekti boʻlgan “davlat” tushunchasining nizomi hisoblanadi. Oʻzbekiston xalqi Konstitutsiyani iroda qilganida davlat organlarining qanday boʻlishi va qanday ishlashi, davlat va xalq oʻrtasidagi munosabatlar qanday boʻlishini belgilab bergan. Ammo, Konstitutsiya davlatning nizomidir, inson hayotining, uning xohish irodasining nizomi emas. Aniqrogʻi, Oʻzbekiston hududida yashayotgan aholi Konstitutsiyani qabul qilayotganda “fuqarolarning munosib hayot kechirishini, millatlararo va konfessiyalararo totuvlikni, koʻp millatli jonajon Oʻzbekistonimizning farovonligini va gullab-yashnashini taʻʻminlashni maqsad qilgan holda” (Muqaddima) “xalq irodasini ifoda etib, uning manfaatlariga xizmat qiladi”gan (2-modda) DAVLATning dunyoviy xarakterga ega boʻlishini ChEGARALAB berdi.
Shuni aniq bilishimiz kerakki, Oʻzbekistonning dunyoviy davlat ekani oʻzbek xalqi va uning irodasining emas, balki davlat organlari faoliyatining chegarasidir. Ha! Aynan davlat organlari dunyoviydir, sekulyardir. Davlat faqat dunyoviy masalalardagina Oʻzbekistonning yagona xalqi irodasini ifoda etadi va unga xizmat qiladi. Davlat diniy masalalarda oʻzbek xalqining irodasiga aralashishi, oʻzbek xalqining diniy eʻʻtiqodini ifoda qilishi yoki unga taʻʻsir oʻtkazishi Konstitutsiyaga ziddir. Dunyoviylik davlatning chegarasidir, xalqning emas. Oʻzbekiston davlati oʻzbek xalqining oxirat bilan bogʻliq irodasini ifoda qilish, oxirat manfaatlari uchun xizmat qilish vakolatiga va majburiyatiga ega emas.
Shuning uchun, bugun radikal ateistlarning “Oʻzbekiston dunyoviy davlat” degan tushuncha bilan davlat organlarini aholisining 90 foizi musulmon boʻlgan oʻzbek xalqining oxirat masalalariga aralashuviga chaqirishi, davlat organlarining oʻzbek xalqining diniy eʻʻtiqodlari, milliy va diniy urf odatlari, hatto tajvid qoidalarini oʻrganishini ham cheklashga undashi Oʻzbekistonda dunyoviy davlatchilikni xavf ostiga qoʻymoqda. Radikal ateizm aldov va qingʻir yoʻllar bilan davlat organlarini oʻz mafkurasiga xizmat qilishga undamoqda. Oʻzbekiston davlati dunyoviy davlat, xalq unga oxirat masalalarga aralashishga ruxsat bermagan. Davlatni diniy ishlarga jalb qilish noqonuniy va konstitutsion tizimga ziddir.
Biroq, dunyoviylik aslo dinning jamiyatning ijtimoiy va siyosiy jarayonlaridan butkul siqib chiqilishini talab etmaydi. Shunday ekan, dunyoviy davlat boʻlgan Oʻzbekistonda xalq dinga keng amal qilishi mumkin. Zotan, xalq ushbu irodasini Konstitutsiyada: “har kim xohlagan dinga eʻʻtiqod qilish yoki hech qaysi dinga eʻʻtiqod qilmaslik huquqiga ega” deb bitib qoʻygan (35-modda). Oʻzbekiston dunyoviy davlat, shuning uchun unda dinga yoʻl keng boʻlishi kerak.
Toʻrtinchi aldov va tahdid: Oʻzbekistonda diniy erkinlikka yoʻl berilgani yaxshi...mi?
Bu savol ham aldamchi va Oʻzbekistonda dunyoviy davlatchilikni xavf ostiga oluvchi savol hisoblanadi. Zero, Oʻzbekistonning yagona xalqi qabul qilgan Konstitutsiyada “Har kim fikrlash, soʻz va eʻʻtiqod erkinligi huquqiga ega”, deb oʻz huquqlarini oʻzi belgilab bergan (33-modda). Oʻzbek xalqiga vijdon, eʻʻtiqod va diniy erkinliklarni berish davlatning vakolatida emas, xalqning umuminsoniy, tugʻma, tabiiy va fitratiga oid huquqidir. Dunyoviy davlat xalqining diniy erkinligiga “yoʻl berishi” yoki “siqib qoʻyishi”ga vakolatli emas. Oʻzbek xalqi diniy, vijdon va eʻʻtiqodiy masalalarini davlatga ishonib topshirmagan, faqatgina dunyoviy masalalarini topshirgandir. Qaysidir siyosiy kuch, mansabdor shaxs yoki davlat organi oʻzbek xalqining vijdon va diniy erkinligiga tajovuz qiluvchi xatti-harakatni amalga oshirsa, yoki oʻziga oʻzi shunday vakolat (qaror)ni chiqarib olsa, unda Konstitutsiyadagi “Oʻzbekiston dunyoviy davlat” degan chegaradan chiqqan boʻladi.
Shuning uchun ham, Eltuz va unga maqola yozib bergan radikal ateistlarning “Oʻzbekistonda diniy erkinlikka yoʻl berish yoki bermaslik” masalasi davlatning konstitutsiyada unga berilgan vakolat – chegara boʻlgan “dunyoviylik” tushunchasini suiisteʻʻmol qilish, Oʻzbekistonda dunyoviy davlatchilikni xavf ostiga oluvchi holat hisoblanadi. Aynan oʻshalar, bugun aholisining 90% musulmon boʻlgan Oʻzbekistonda dunyoviy ishlarga masʻʻul davlatni xalqning diniy irodasiga qarshi qoʻyishga undamoqda. Bu vaziyat dindor fuqarolarda radikal ateistik tashviqot taʻʻsirida “dunyoviylik” tushunchasiga nisbatan nafrat hissini keltirib chiqarmoqda. Natijada Oʻzbekistonda dunyoviy davlatchilik real xavf ostida qolmoqda.
Aynan Eltuzga oʻxshagan radikal ateistik jamoalar: “eng yomoni shundaki, Oʻzbekiston hukumatining jamiyat diniy radikallashuvining oldini olish boʻyicha hech qanday tayinli rejasi va dasturi mavjud emas. Oʻzbekiston hukumati bir necha masalalar boʻyicha dunyoviy davlatchilik pozitsiyasini boy berib boʻldi”, degan soʻzlar bilan davlatni dunyoviylikdan chiqib, ateistik eʻʻtiqodga xizmat qiluvchi instrumentga aylanishini istashmoqda.
Beshinchi aldov va tahdid: “Dunyoviylikni ochiqdan-ochiq inkor qiluvchi, shariat asosida yashashni joriy etish hamda Oʻzbekistonni islom davlatiga aylantirishini istovchilar soni ortib borayotganligi etmaganidek, endi ularning talablari ham konkretlashmoqda.”
Darhaqiqat, bugun Oʻzbekistonda Eltuz istagan soxta “dunyoviylik”, aslida esa radikal ateizmni ochiqdan-ochiq inkor qiluvchi fuqarolar soni ortib bormoqda. Oʻzbekiston yagona xalqining dunyoqarashi, tafakkuri oʻzgarib borayotgani, uning ateizm va dunyoviylashishdan qochib, milliy va diniy qadriyatlariga qaytayotganini, umuman olganda, Oʻzbekistonning yagona xalqi irodasida “diniy fon” ortib borayotgani rost. Konstitutsiyaga koʻra, demokratik davlat boʻlgan Oʻzbekiston oʻzining “democ”i yaʻʻni xalqining dunyoviy irodasini ifoda qilishi, uning dunyoviy manfaatlariga xizmat qilishi kerak. Demokratiyaning talabi shu! Oʻzbekistonning yagona xalqining irodasining tobora diniy va milliy qadriyatlarga asoslanishi hech qanday shaklda Oʻzbekistonda dunyoviy davlatchilikka tahdid solmaydi. Zero, Oʻzbekistonning yagona xalqi davlatga faqat dunyoviy irodasini ifoda qilishni, faqat dunyoviy manfaatlariga xizmat qilishini topshirgan.
Agar Oʻzbekiston aholisi Eltuz va unga oʻxshagan radikal ateistlarga uchuq chiqaradigan darajada “tolibonlashib” ketsa ham, davlatning vazifasi xalqning irodasiga qarshi emas, balki uning manfaatlariga xizmat qilishi kerak boʻladi. Axir, demokratiyaning mohiyati ham shu emasmi?
Aslida, Oʻzbekistonda davlat va dindorlar orasida emas, balki radikal ateistlar va aholining 90 foizini tashkil etuvchi musulmonlar oʻrtasida ziddiyatlar sodir boʻlmoqda. Afsuski, radikal ateistlar davlat va “dunyoviylik” tushunchasini oʻzlarining atiestik mafkurasi yoʻlida talqin qilishiga uddaburonlik bilan urinmoqdalar. Natijada, dindorlar orasida sof dunyoviylik tushunchasiga nisbatan nooʻrin salbiy munosabat shakllanmoqda. Aynan radikal ateistlarning xatti-harakatlari tufayli Oʻzbekistonda dunyoviy davlatchilikka tahdid solinmoqda. Radikal ateistlar Oʻzbekiston Konstitutsiyasidagi “dunyoviy davlat” tushunchasini “dunyoviylashtiradigan davlat” deb notoʻgʻri talqin qilmoqda. Biz “dunyoviy davlat” tushunchasini radikal ateistlarning soxta “dunyoviylashtiradigan davlat” talqinidan asrashimiz kerak.
Biz Oʻzbekiston davlatini radikal ateizmdan himoya qilishimiz, jamiyat va davlat idoralari ichidagi radikal ateistlarni “dunyoviylik” tushunchasini notoʻgʻri talqin qilishining oldini olishmiz, “dunyoviy davlat” tushunchasini xalq istagan shaklda talqin qilinishini targʻib qilishimiz kerak. Zero, Oʻzbekistonning dunyoviy davlati uning yagona aholisining dunyoviy irodasini ifoda qilib, uning dunyoviy manfaatlariga xizmat qilishi kerak. Davlatni oʻzbek xalqining vijdoniga qarshi chiqishga chaqiruvchi, xalq va davlatni bir-biriga qarshi gij-gijlovchi radikal ateistlarning taʻʻsir doirasiga tushishdan saqlanish kerak.
Biz “fuqarolarning munosib hayot kechirishini, millatlararo va konfessiyalararo totuvlikni, koʻp millatli jonajon Oʻzbekistonimizning farovonligini va gullab-yashnashini taʻʻminlashni maqsad qilgan” holda davlat barpo etganmiz va davlatni aynan mana shu maqsadda xalqqa xizmat qilishini istaymiz.